MIB: shaxmat va shashka g‘oliblari taqdirlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi hamda uning shahar, tuman bo‘limlari xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish maqsadida bir qator musobaqalar uyushtirib kelinmoqda.
Viloyat sport boshqarmasi hamda Davlatobod tumani sport maktabi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi ana shunday turnirda Byuro ishchi-xodimlari sportning shaxmat va shashka turlari bo‘yicha “Boshqarma boshlig‘i” sovrini uchun o‘zaro bellashdi. Bosh prokuratura va Majburiy ijro byurosining yil davomida tashkil etiladigan musobaqalarning dastlabkisida 20 nafardan ortiq havaskor sportchi xodim ishtirok etdi.

O‘zaro do‘stlik, raqobat va murosasiz kechgan bahslarning yakuniy natijalariga ko‘ra, shaxmat bo‘yicha MIB Mingbuloq tumani bo‘limi xodimi Bekzod Abdurahmonov musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Byuroning Davlatobod tumani bo‘limi davlat ijrochisi Jahongir Rahimov egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Byuroning Pop tumani bo‘limi davlat ijrochisi Sherzod Ergashevga nasib etdi.

Shashka bo‘yicha o‘yinlarda MIB Namangan viloyati boshqarmasi inspektori Abdulbositxo‘ja Hamroyevga teng keladigan raqib topilmadi. Boshqarmaning yana bir vakili Farhod Rahimov ikkinchi natijani qayd etdi. Byuroning Yangiqo‘rg‘on tumani bo‘limi davlat ijrochisi Ulug‘bek Masharipov musobaqani kuchli uchlikda yakunladi.
Turnirning g‘olib va sovrindorlari MIB Namangan viloyati boshqarmasi rahbariyati hamda boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan diplom, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA