MIB: Savobli ishlarga aylanayotgan ijrolar
Yurtdoshlarimiz kirib kelayotgan Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ko‘rayotgan lahzalarda Majburiy ijro byurosi xodimlari o‘z ishlari bilan band. Chunki birovning haqi boshqada qolib ketmasligi kerak. Yoki kimningdir hayoti bitta hujjatning ijrosiga bog‘liq bo‘lib turgan bo‘lishi mumkin.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Yozyovon tumani bo‘limi xodimlari aliment to‘lovlarini undirish ustida ish olib bormoqda.
Zarur tushuntirish ishlari olib borilgani natijasida yetti nafar aliment to‘lovchi ota farzandlari uchun aliment o‘rniga turli ko‘rinishdagi mol-mulkni xatlab bergan.
Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mazkur tumanda 4 ta ko‘chmas mulk va 3 ta avtotransport vositasi aliment o‘rniga farzandlariga notarial tartibda o‘tkazib berilgan.
Masalan, fuqaro S.A.ning aliment to‘lovlaridan qarzi mavjud bo‘lmasa-da, farzandlari voyaga yetgunga qadar to‘lanadigan aliment pullari o‘rniga o‘z nomidagi “Cobalt” avtomashinasini berishni taklif etdi. Aliment oluvchi S.M. taklifni qabul qilgach, avtotransport vositasi uning nomiga o‘tkazib berildi.
Shu bilan sud qarori ijrosi ta’minlanib, intizomli aliment to‘lovchi ota MIB organlaridagi aliment to‘lovchilar ro‘yxatidan chiqarildi va unga oid barcha taqiqlar bekor qilindi.
Majburiy ijro byurosi organlari o‘z faoliyatida nafaqat qarzdorliklarni undirish, balki fuqarolar manfaatlari uchun muhim bo‘lgan huquqlarni amalda ro‘yobga chiqarishga oid boshqa qarorlar ijrosini ham ta’minlamoqda.
Byuroning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi davlat ijrochisi A.Xayrulin savobli ishga qo‘l urdi. Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor Sh.J.dan undiruvchi D.J. ning voyaga yetmagan uch nafar qizlari foydasiga aliment undirish belgilangan bo‘lib, olib borilgan ijro harakatlari va targ‘ibot ishlari davomida oila yarashtirilib, ijro hujjati tamomlangan.
Yana bir holatda esa Yangi yil arafasida kelin farzandlari bilan uyiga kiritib qo‘yildi.
Ba’zida bir oila bo‘lgan yaqinlar begonalardek vaziyatlarga tushib qoladi. Shu kabi vaziyat aks etgan ijro ishi byuroning Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushib, davlat ijrochisi I.Sanayev tomonidan olib borilgan targ‘ibot ishlari hamda ijro harakatlari davomida kelin farzandlari bilan uyiga kiritib qo‘yildi.
Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani “Chingeldi” mahalla fuqarolar yig‘inidagi uylarning biriga fuqaro M.N.ni farzandlari bilan birga kiritish haqidagi ijro ishi bo‘yicha ham ijobiy yechim qilindi va bu oila ushbu xonadonga kiritildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA