MIB fuqarolar murojaatlariga qanday yechim topmoqda?
Joriy yilning 13 may kuni Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasida direktor Xasan Kabirjonov ishtirokida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Mazkur sayyor qabulni kuzatib, bu qabul shunchaki hisobotlar uchun tashkil etilgan yig‘in emasligiga amin bo‘lish mumkin edi. Negaki, bu yerda muammolarga joyida yechim topilayapti, aholini qiynayotgan, o‘ylantirayotgan masalalar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Bo‘lib o‘tgan qabul jarayonida Toshkent shahar boshqarmasida ish yurituvida bo‘lgan ijro ishlari yuzasidan o‘z murojaatlariga yechim izlab umid bilan kelgan fuqaro va yuridik shaxslarning murojaatlari tinglandi. Byuro rahbari tomonidan joyida hal etish choralari ko‘rilib, jumladan, fuqaro N.Normatova Byuroning Olmazor tuman bo‘limi ish yurituvidagi ijro ishining ta’minlanganini, 11 milliard miqdoridagi qarzdorlik fuqaro foydasiga undirib berilganidan minnatdorchilik izhor qildi.

Bundan tashqari, fuqaro B.Qodirov Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi ish yurituvidagi Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining ijro varaqasiga asosan tovar moddiy boyliklarini qaytarish yuzasidan murojaati ijrosi ta’minlandi. “Doniyer Metall Profil Servis” MCHJ huquqshunosi Sh.Hayitova esa jamiyat foydasiga 281 million qarzdorlik undirib berilganidan minnatdor ekanini aytdi.
Shuningdek, fuqarolar M.Gappurova, A.Kazakbayeva, Sh.Azimova, B.Dovudaxunova, D.Yoqubova, M.Mirsamanovalar ham o‘z murojaatlariga yechim topilib, ijrosi ta’minlanganidan xursand.
Odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil, mushkulini oson qilish — aholining davlatga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlaydi. Byuro tomonidan davomiy ravishda olib borilayotgan bu kabi tadbirlar ana shu maqsadlarga yo‘naltirilgan.
O‘zA