“Mexmash” mahsulotlari dunyo bozoriga chiqmoqda
Prezident tashrifidan so‘ng
Keyingi yillarda Namangan viloyatida yangi, zamonaviy hamda energotejamkor texnologiyalar asosida import o‘rnini bosuvchi, eksportbop va talab yuqori bo‘lgan qurilish materiallari ishlab chiqarishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, buning natijasida tovar hajmlarini ikki barobargacha yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Yangi Namangan tumanidagi “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyatdagi yirik va raqobatbardosh sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Jamiyaga qarashli zavodda yiliga 20 ming tonna 500dan ortiq o‘lchamda burama mix mahsulotlari (shurup) va 18 ming tonna rulonli qog‘oz ishlab chiqarilmoqda. Korxona 6 million dollarlik eksport quvvatiga ega. Korxona maxsulotlari Litva, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinmoqda.

– Korxonamiz 1982 yilda "Vostok" ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining tarkibiy qismi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, 2003 yilda xususiylashtirilgan. 2016 yilda tashkiliy huquqiy shakli MCHJga aylantirilgan, – deydi “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Adhamjon Ahadov. – 2008 yildan buyon korxonamizga 30 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilib, barqaror ish sur’atiga erishildi. E’tiborlisi, sarmoyaning 15 million dollari ta’sischilarning mablag‘lari hisobiga va yana shunchasi bank krediti evaziga kiritilgan. Xususiy korxona sifatida eng avvalo po‘lat quvurlar (truba) ishlab chiqarila boshlangan. Keyinchalik esa mahkamlash uchun mo‘ljallangan zamonaviy rezbali mahsulotlar (shurup va samorez) ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ishlab chiqarish uskunalari Tayvan va Xitoy davlatlaridan keltirilgan.

Shuningdek, Yaponiya davlatining uskunalari bilan jihozlangan akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyasi mavjud.
Qayd etish darkor, mazkur zavodda mahkamlash uchun rezbali mahsulotlarni ishlab chiqarish boshlanganda bu soha yangi, qolaversa, mutaxassislar yo‘q edi. Shu sababli Tayvan va Malayziyadan mutaxassis yollab, mahalliy kadrlar tayyorlandi. “Mexmash” korxonasida mahsulot ishlab chiqarishning to‘liq sikli o‘zlashtirilib, mahalliylashtirish darajasi o‘rtacha 40 foizni tashkil etmoqda. Natijada yurtimizda mahkamlash uchun rezbali mahsulotlar ishlab chiqarish boshlangani hisobiga ularning narxi oxirgi besh yilga nisbatan 40 foizga arzonlashdi.
Hozir qurilish, mebelsozlik, elektronika, avtomobilsozlik va boshqa sanoat sohalari uchun bolt, gayka, vint, shurup va samorez mahsulotlari ishlab chiqarilib, ichki va tashqi bozorga yetkazilmoqda. Xomashyo (po‘lat sim) va qog‘oz xomashyosi esa Rossiya Federatsiyasi hamda metall mahsuloti ishlab chiqaruvchilaridan (Bekobod metallurgiya kombinati) olib kelinadi.

Ta’kidlash lozimki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning mart oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarini ko‘zdan kechirib, bu yerda bozor talabidan kelib chiqib, avtomobil sanoatida qo‘llanadigan mahkamlash mahsulotlari hajmini va eksportini oshirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish rejalari yuzasidan ko‘rsatmalar bergandi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan 2030 yilgacha mo‘ljallangan istiqbolli rejaga ko‘ra, mavjud ishlab chiqarish yana qo‘shimcha oyda 1 ming 100 tonnaga ko‘paytiriladi. Yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish uchun 11,7 million dollar miqdorida investitsiya kiritiladi. Buning natijasida qo‘shimcha 420 yangi ish o‘rni yaratiladi va korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati hozirgi 20 ming tonnadan 32 ming 900 tonna tayyor mahsulotga yetkaziladi.

Xususan, ayni paytda Yaponiya va Germaniya davlatlaridagi investor hamkorlar bilan birgalikda avtomobil sanoati uchun zarur bo‘ladigan mahkamlovchi shuntlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan qo‘shma korxona barpo etish ustida ish olib borilmoqda. Mazkur loyiha korxona tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, kelgusida 500 ta yangi ish o‘rni ochilib, eksport hajmini 12 million dollarga yetkazishga erishiladi.
Dastavval jamiyatda ellikdan oshiq kishi ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, bugungi kunda korxonamiz jamoasi soni 700 nafarga yetdi. Ishchilarning 80 nafarini xorijiy davlatlardan mehnat migratsiyasidan qaytgan hamyurtlarimiz tashkil etadi.

– 2009-2019 yillarda Rossiyaning Sankt.Peterburg shahrida ishlaganman. Ochig‘ini aytishim kerak, xorijda mehnatimga yarasha yaxshi haq berilmagani sababli uyga qaytganman. Mana, besh yildan buyon “Mexmash” zavodida asbobsozlik bo‘limi muhandis-dasturchisi sifatida ishlab kelyapman. Sohaning oliy ma’lumotli mutaxassisi bo‘lganim sababli 7-8 million so‘mgacha maoshim bor. Muhimi, o‘z yaqinlarim davrasidaman.
Korxonada mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan. Dastlab Tayvandan mutaxassislar jalb qilinib, mahalliy ishchilar kasbga yo‘naltirildi. Hozir “Ustoz-shogird” an’analariga rioya qilingan holda yosh ishchilar malakali kadrlarga biriktirilgan. Oylik ish haqi miqdori boshlang‘ich oylarda 2,8 million so‘mdan 3,5 million so‘mgacha bo‘lib, uning miqdori ish samaradorligiga qarab oshirib boriladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri