Mevasi achchiq, biroq daromadi shirin”
Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qiladi. Bu yurtimizning kelajagi porloqligidan, intellekt va bunyodkorlikda zabardastligidan dalolat beradi. Shuning uchun yoshlar qatlami bilan ishlashda o‘ziga xos uslublardan foydalanish zarur. Ularni ish bilan ta’minlash, muammolarini o‘z vaqtida hal qilish esa eng muhim vazifalardan biridir. Quvonarlisi, bu borada yurtimizda izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar siyosati masalasi doimo e’tiborda.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida yoshlar bandligini ta’minlash, mutasaddi tashkilotlar tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlashda ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, turli sport musobaqalari, uyushmagan yoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, festival va konsertlar muntazam tashkil etilmoqda. Muhimi, ishsiz yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun imkoniyat va sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Misol uchun, tuman sektor rahbarlari ishtirokida yoshlar muammolari yechimiga qaratilgan, ularning murojaatlariga ijobiy yechim topish maqsadida “Sektor rahbarlari va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etilmoqda. Unda tuman yoshlari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va murojaatlar o‘rganiladi, so‘roq ostidagi masalalar yuzasidan mas’ullar ishtirokida yechimlar taklif etiladi. Shunday tadbirlarda xorijda ishlayotgan yoshlar bilan videomuloqot ham tashkil etilayotgani e’tiborga molik. Shu o‘rinda mas’ullarning sa’y-harakati faqat qog‘ozlarda qolib ketadi, “xo‘ja ko‘rsin” yig‘ilishlar o‘tkaziladi, amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmaydi, deyishga shoshilmang.
Prezidentimizning joriy yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur qaror ijrosi doirasida Yuksalish mahallasidagi otaliqqa olingan yoshlar uchun “Boychipor” fermer xo‘jaligi yerlaridan 20 sotixdan yer ajratib berildi. Oradan uch oy vaqt o‘tib, bu yerlardan dastlabki hosil olina boshlandi.

– Tumanimizda qalampir yetishtirish azaldan urf bo‘lgan. Ota-onam ham tomorqaga, g‘alladan bo‘shagan yerlarga qalampir ekib daromad topishadi. Shuning uchun ajratilgan yerga qalampir ekdik. Hosil cho‘g‘i yaxshi, – deydi Ro‘zali Abdullayev. – Mahalladoshlarim bilan birga xorijga borib ishlab ham ko‘rdim. Lekin o‘z yurtingda mehnat qilish, ota-onang yonida bo‘lishdan ortiq baxt yo‘q ekan.
Ro‘zali kabi xorijdan qaytganlar, shuningdek, “Temir”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari berilgan imkoniyatdan unumli foydalandi. O‘zlari uchun ajratilgan yerlarga “Bir dala – bir mahsulot” tamoyili asosida qalampir ekdi. Chunki dehqonchilik qilish, ekinni parvarishlab mo‘l hosil olish bir tomon-u, uni sotish bir tomonligini ular yaxshi bilishadi.

– Otaliqqa olingan 17 nafar yoshlar uchun 30 yil muddatga imtiyozli ravishda ana shunday hosildor yerlar ajratib berildi. Natijada ularning doimiy bandligi ta’minlanib, mehnatga yarasha daromad olishlariga imkoniyat yaratildi, – deydi “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Jasur Shermuhammadov. – Yosh dehqonlar va “Birdamlik Muslima” oilaviy korxonasi o‘rtasida yetishtirilgan qalampir hosilini bozor narxida sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzildi. Bugungi kunda qalampirni ho‘licha 4 ming so‘mdan, quritilganini 30 ming so‘mdan sotib olyapti.

Dalada mehnat qilayotgan yoshlar bilan suhbatlashdik. Ularning aytishicha, pishib yetilgan qalampir oftobda quritilsa, har besh kilosidan bir kilo “qalampir qoqi” tushadi. Muhimi, ho‘liga ham, qurug‘iga ham xaridor tayyor.
– Yigirma sotix yerdan 5 tonnagacha qalampir hosili olish mumkin. Agar quritilsa, bu bir tonna qoqi degani. Qalampir kech kuzgacha hosil beradi. Faqat astoydil mehnat qilishimiz kerak, yerni aldamaslik kerak. Shunday imkoniyat yaratib berilganidan mamnunmiz, – deydi yana bir yoshlar vakili Ziyodaxon Usmonova. – Turmush o‘rtog‘im bilan birga yerga mehr berdik, mana, ko‘rib turibsiz hosilning cho‘g‘i yaxshi. Qalampir shunday ekinki, o‘zi achchiq bo‘lgani bilan daromadi, natijasi shirin. Xudo xohlasa topgan daromadimizga to‘ylar qilamiz.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri