Meva-sabzavotchilikda iqtisodiy munosabatlar
Toshkent davlat agrar universitetida meva-sabzavotchilikda iqtisodiy munosabatlar mavzuida seminar o‘tkazildi.
Toshkent davlat agrar universitetida meva-sabzavotchilikda iqtisodiy munosabatlar mavzuida seminar o‘tkazildi.Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda tashqi savdo ishtirokchilariga yaratilayotgan qulayliklar, meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berishni sifat jihatidan yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida mazkur mahsulotlarni yetishtirish va eksport qilish hajmi muttasil oshayotgani ta’kidlandi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni vaqtda dunyoda qariyb 1 milliard aholi to‘yib ovqatlanmayotgani va bu boradagi muammo tobora keskinlashib borayotgani oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratishni taqozo etmoqda. O‘zbekistonda yetishtirilayotgan mevalarga dunyo mamlakatlarida talab juda katta. Zero, mamlakatimiz o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq va boshqa ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi.
Agrar tarmoqda, jumladan, meva-sabzavotchilikda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash darajasi barqaror o‘sib bormoqda. Bu boradagi iqtisodiy islohotlar samarali olib borilayotganligi tufayli har ikki yilda o‘tkaziladigan «Dunyo davlatlarining oziq-ovqat xavfsizligi» xalqaro reytingida O‘zbekistonning mavqei yil sayin yuqorilab bormoqda. Jumladan, 2014-yilda mazkur reytingda O‘zbekiston 73-pog‘onani egallagan bo‘lsa, 2016-yil yakunlari bo‘yicha 64-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Mamlakatimizda meva-sabzavotchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘ndan ortiq normativ-huquqiy xujjat qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 19-sentabrdagi «Meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini eksport qilishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori meva-sabzavotchilik yo‘nalishida iqtisodiy munosabatlar tizimini takomillashtirishda yangi imkoniyatlarni ochib berdi.
Seminar ishtirokchilari qishloq xo‘jaligida buxgalteriya hisobi va audit, agrar tarmoq iqtisodiyoti va marketingi, meva-sabzavot mahsulotlari marketingida zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglab, fikr-mulohazalar bildirdi.