Metrologiya aniq o‘lchashlar kalitidir
Har qanday munosabatlar davomida foydalaniladigan to‘g‘ri va aniq o‘lchashlar soflik mezoni bo‘lib xizmat qiladi hamda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noaniqlik natijasidagi oqibatlarning oldini oladi.
E’tibor qiladigan bo‘lsak, aniq o‘lchashlarni ta’minlovchi soha – metrologiyaning nechog‘li muhimligi ana shu jarayonda bo‘y ko‘rsatadi.
O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Andijon filiali ham viloyatdagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlaridagi mavjud o‘lchashlar aniqligini ta’minlab kelmoqda.

Bu borada korxona va tashkilotlar bilan o‘zaro kelishuvlar amalga oshirilib, reja asosida joylarda metrologik va logistika xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Xizmatlar turini kengaytirish va sifatini yanada yaxshilash uchun filialning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish maqsadida 9 ta o‘lchash vositasi keltirildi.
Buning natijasida fizik-kimyoviy kattaliklarni o‘lchash vositalari guruhi bo‘yicha qiyoslash ishlariga akkreditatsiya doirasi kengaytirildi hamda 2 ta yangi metod o‘zlashtirildi. Natijada hududiy filial tomonidan neft va gaz, qurilish va kimyo sanoati korxonalaridagi qo‘shimcha 270 dona o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Quvonarlisi shundaki, o‘tgan 2021 yil davomida filial geometrik kattaliklarni kalibrlash bo‘yicha 5 tur va massa kattaliklarini kalibrlash bo‘yicha 1 tur akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Joriy yilning yanvar oyidan ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha kalibrlash ishlari yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, filialda metrologik infratuzilmani yanada yaxshilash maqsadida 6 ta – geometriya, massa, bosim, harorat, fizik-kimyoviy va elektr o‘lchash vositalarini kalibrlash, qiyoslash laboratoriyalari hozirgi kun talablari darajasida ta’mirlandi.
Filial metrologlari o‘z xizmat vazifalaridan kelib chiqib, mas’uliyat va fidoyilik bilan hududdagi sanoatning turli jabhalari, tibbiyot, kommunal xo‘jalikda metrologik xizmatlar orqali o‘lchashlar bir xilligini ta’minlamoqda.

Hisobot davriga qadar yaratilgan qulayliklardan keng foydalangan metrologlar viloyatdagi sanoat va ishlab chiqarish korxonalarining jami 29 ming taga yaqin o‘lchash vositalarini metrologik tekshiruvdan o‘tkazishdi.
Bu jarayonda barcha murojaatlar «e-metrologiya» axborot dasturi orqali onlayn ariza qabul qilish bilan amalga oshirilmoqda.