Metrologik ko‘rikdan o‘tmagan o‘lchash vositalari aniqlandi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mahsulot va xizmatlar sifatini ta’minlashda o‘lchov asboblarining aniqligi muhim ahamiyatga ega. Zero, har bir mahsulot o‘lchovining to‘g‘riligi nafaqat iqtisodiy barqarorlikni, balki texnik xavfsizlikni ham kafolatlaydi. Biroq Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasining Toshkent viloyati bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ayrim tadbirkorlik sub’ektlari hamon o‘lchov asboblarining to‘g‘ri ishlashiga yetarlicha e’tibor qaratmay kelmoqda.
Xususan, Olmaliq shahrida faoliyat yuritayotgan “G.I.I.” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazilgan tekshiruv davomida 3 dona o‘lchash vositasi tegishli metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmasdan ishlatilayotgani fosh etildi. Shunga o‘xshash holat Yuqorichirchiq tumanida ham kuzatilib, “M.G.I.” MCHJga qarashli avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida 11 dona o‘lchash vositasi davlat qiyoslovidan o‘tkazilmasdan, qonunga zid ravishda foydalanib kelingani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holatlar O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonuni talablariga mutlaqo zid ekani qayd etildi. Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan korxonalarning mas’ul shaxslariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shu bilan birga, inspeksiya xodimlari tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berilib, kelgusida bunday holatlarning oldini olish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA