Metro kassasi oldidagi noxush manzara
Bugunning gapi
bugungi kunda poytaxtimizda metro xizmatidan foydalanuvchilar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Yozda salqin, qish kunlarida issiqqina bo‘ladigan bu yerosti transport tizimi yanada uzaytirilib, takomillashib bormoqda. Toshkent metropolitenini xalqaro talablarga moslashtirish va zamonaviy imkoniyatlarini kengaytirish borasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Quvonarlisi, bugungi kunda Yunusobod yo‘nalishi uzaytirilayotgani, yangi Sergeli yo‘li, butun Toshkent bo‘ylab o‘tadigan yerusti metro halqa liniyasi barpo etilayotgani e’tiborga molik. Metro tizimidagi bu o‘zgarish va yangilanishlar poytaxt aholisi va mehmonlarga, qolaversa, sayyohlarga qulaylik yaratadi, transport xizmatidagi yuklamalarni biroz kamaytiradi.
Toshkent metropolitenining quvonarli natijalari bilan birga ayrim muammo va kamchiliklari ham borki, bu yo‘lovchilarga noqulay muhitni yuzaga keltiradi.
Keyingi kunlarda ish yuzasidan bir necha bor “Beruniy” metro bekatidan chiqib-kirishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Bilamizki, bu bekat talabalar shaharchasiga olib boradi. Ikki yirik universitet va yana boshqa ta’lim muassasalari, tashkilotlar shu atrofda joylashgan. Bu esa ushbu bekatdan foydalanuvchilar soni ko‘pligini anglatadi. Avvaldan bu bekatga bir vaqtning o‘zida tumonat odam kirardi, yana yuzlab yo‘lovchilar oqimi chiqardi. Hozir ham shu – kimdir o‘qishga keladi, kimlardir qaytadi, yana kimlardir ish-yumush bilan kirib-chiqib yuradi. Xullas, ertalabdan-kechgacha juda gavjum bekat.
Har gal “Beruniy”ga borib, qaytayotganimda, bilet oladigan kassaning oldida tumonat odam yig‘ilganiga duch kelaman. O‘zim ham shu tumonat ichiga kirib, kassadan bilet olishimga to‘g‘ri keldi. 10-12 minut deganda, bazo‘r bilet olishga ulgurdim. Ketgan vaqtingiz ham mayli, ammo bu tiqilinch holat ayni pandemiya sharoitida sanitariya talab va qoidalariga umuman zid. Talabalar, yoshi katta o‘qituvchilar, yosh bolali onalar bu tiqilinchda noqulay holatda qolishyapti. Kimdir baqirgan, kimdir notanish bo‘lsa-da oldinroqdagi birovga “menga ham qo‘shib oling”, deya iltimos qilib pul uzatgan, qaysidir qiz “voy, sochim tortilib qoldi”, desa, boshqasi “sumkamni olvolay”, deya zarda qilgan. Xullas, juda yoqimsiz manzara...
Kassaxonaga nazar tashlasam, uchta o‘rin bor. Ammo har gal ikkita kassachi ayol qo‘li-qo‘liga tegmay ishlaydi, uchinchi o‘rin bo‘sh, oyna tirqishi ham to‘sib qo‘yilgan.
Avvallari metroga kirishda jetondan foydalanilgan bo‘lsa, endilikda bir martalik qog‘oz cheklardan foydalanilmoqda. Bu bir jihatdan ayni epidemiologik vaziyatlarda qo‘lma-qo‘l bo‘ladigan jetondan ko‘ra, ming marta yaxshi, xavfsiz. Ammo undan shu bekatning o‘zida yarim soat davomida foydalanish mumkinligi har gal yangi bilet olishni talab etadi. Ya’ni har safar navbatda turib, tiqilinchda urilib-surilib bilet olishga majbursan.
Bir qaraganda arzimasdek tuyuladigan bu holat ortida minglab odamlar salomatligi masalasi turibdi. Kassa oldida urilib-turtinib navbatda turganlarning asosiy qismi esa talabalar, ota-onasidan, oilasidan uzoqda yurganlar. Ular o‘qishda yana qancha tengdoshlariyu o‘qituvchilari bilan muloqotda bo‘ladi.
So‘nggi paytlarda ayrim bekatlarda metro vagoni to‘xtab qolgani, texnik nosozliklar yuzaga kelayotgani haqidagi xabarlarni tez-tez eshitayapmiz. Mayli, bular texnika bilan bog‘liq muammolar ekan. Ammo kassadagi turnaqator navbatlar va tiqilinchni bartaraf etishning imkoni, chorasi osonroq bo‘lsa kerak. Qo‘shimcha kassaxonalar tashkil qilish, mavjud o‘rinlarni muntazam ishlatib qo‘yish bilan bu muammoni hal qilib, biroz bo‘lsa-da, yo‘lovchilarga yengillik yaratsa bo‘ladi.
Koronavirus pandemiyasi, qolaversa, shamollash-gripp mavsumi avj oladigan bir paytda ayrim metro bekatlaridagi bu noxush manzara ko‘ngilni xira qiladi. Bunday holatlar hamma bekatda emas, albatta. “Beruniy”ga o‘xshagan yana 2-3ta bekatda shunday manzara bo‘lishi mumkin. Demak, muammoni hal qilish uchun butun metropoliten tizimida katta islohot o‘tkazish shart emas, bir dunyo sarf-xarajat qilish zaruriyati ham yo‘q. Koronavirus kasalligining oldini olish, yuqish xavfini kamaytirish uchun davlat byudjetidan qanchadan-qancha mablag‘lar sarflanib, qancha harakatlar qilindi, qilinyapti. Shu harakatlar qatorida gavjum bekatlarda ham qo‘shimcha kassalar faoliyati yo‘lga qo‘yilsa, ham yo‘lovchilarga qulaylik yaratiladi, ham xavfsizlik ta’minlanadi. Bu holga mutasaddilar, siz nima deysiz?

Muhtarama Komilova, O‘zA