“Metallurg” bugun nazorat-sinov oʻyinida maydonga tushadi
Xabaringiz bor, Bekobodning “Metallurg” klubi yangi mavsum oldidan Turkiyaning Antaliya shahrida oʻquv-mashgʻulotlar yigʻinini oʻtkazmoqda.
Xabaringiz bor, Bekobodning “Metallurg” klubi yangi mavsum oldidan Turkiyaning Antaliya shahrida oʻquv-mashgʻulotlar yigʻinini oʻtkazmoqda.
Ushbu yigʻin doirasida bekobodliklar oʻrtoqlik uchrashuvlariga ham jiddiy eʼtibor qaratishyapti. Bugun ular navbatdagi nazorat-sinov oʻyinini oʻtkazishadi. Andrey Shipilov shogirdlari Rossiyaning “Leningrades” jamoasi bilan kuch sinashadi. Mazkur oʻyin Toshkent vaqti bilan soat 19:30da boshlanadi. Bu “Metallurg”ning Turkiya yigʻini doirasida toʻrtinchi oʻrtoqlik oʻyinidir.
Bungacha poytaxt viloyati jamoasi Armanistonning uch karra chempioni “Alashkert” (0:3), Bolgariyaning SSKA 1948 (0:1) hamda Qozogʻistonning “Akjayik” (1:0) jamoalariga qarshi nazorat oʻyinlarida maydonga tushishgan edi.
Bekobodliklarning bugungi raqibi haqida ikki ogʻiz soʻz. “Leningrades” yangi tashkil etilgan klub boʻlib, u Rossiya birinchiligida Leningrad viloyati sharafini himoya qiladi. Jamoa Leningrad viloyati Tixvin shahridagi “Kiroves” hamda Sankt Peterburg shahridagi “Nova Arena” stadionlarida oʻz raqiblarini qabul qiladi Jamoa 2018-19 yilgi mavsumda RPFLning “Gʻarb” mintaqasida rasmiy ishtirokini boshladi. Birinchi davradan keyin ular 26 ochko jamgʻargan holda 4-oʻrinda borishyapti. “Leningrades” klubi oldiga qisqa fursatda kuchlilar safiga qoʻshilish vazifasi qoʻyilgan.
Ayni paytda Oʻzbekiston PFL 2019 yilgi mavsum uchun futbolchilar hamda masʼul shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish muddatlarini eʼlon qildi. Unga koʻra “Metallurg” futbol klubi yangi mavsum uchun futbolchilarni dastlab 13 fevral sanasida roʻyxatdan oʻtkazadi. Kamchiliklar toʻldirilgan yakuniy buyurtmani topshirish muddati esa 20 fevral sanasiga belgilangan.