Merganlar bahsida eng kuchlilar g‘olib bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yiligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qashqadaryo viloyati Kengashi bilan hamkorlikda huquqni muhofaza qilish organlarining harbiy xizmatchilari o‘rtasida havo miltiqidan o‘q otish musobaqasi tashkil etildi.
Harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va o‘zaro madaniy-sport aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda yoshlarni sport o‘yinlariga ommaviy tarzda jalb qilish, dastlabki harbiy va psixologik tayyorgarlikka ega vatanparvar, mas’uliyatli, qiyin va ekstrimal vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalarini egallagan barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari va harbiy tuzilmalari, Ichki ishlar vazirligi qorovul qo‘shinlari harbiy qism bo‘linma muassasalari va Davlat bojxona qo‘mitasi tizimlariga qarashli barcha harbiy qismlardan 60 nafardan ziyod harbiy xizmatchi ishtirok etdi.

Musobaqa jarayonida ishtirokchilar o‘z mahoratini namoyish etdi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida 1-o‘rin Davlat xavfsizlik xizmati Cheraga qo‘shinlariga qarashli N-sonli harbiy qism jamoasiga nasib etdi. Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism jamoasi 2-o‘rinni, Qarshi halqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash qo‘shinlariga qarashli harbiy qism jamoasi 3-o‘rinni egalladi. Musobaqaning yakkalik bahslarida DXX Cheraga qo‘shinlari N-sonli harbiy qism kichik serjanti Yusufjon Poziljonov mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda shartnoma asosidagi harbiy hizmatchi, oddiy askar Abror Ergashev 2-o‘rin sohibi bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlariga qarashli harbiy qism kichik serjanti Asliddin Aliyevga 3-o‘rin nasib etdi.
G‘olib jamoa va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘a, diplom va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA