Mentoring qanday loyiha, undan ko‘zlangan maqsad nima?
«Tadbirkor ayol» assotsiatsiyasi va Birlashgan Millatlar tashkilotining Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yangi loyiha «O‘zbekistonda tadbirkor ayollar va yosh xotin-qizlar uchun mentoring (ustozlik) dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish» deb nomlandi.
Loyiha Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida istiqomat qilayotgan ayollarni qamrab oladi.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad – fermer ayollar va yosh tadbirkor xotin-qizlarni manzilli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, – deydi «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova. – Bunda assotsiatsiyaning ilg‘or fermer ayollarining tajribalarini mentorlik (ustozlik) qilish orqali shogirdlarga o‘rgatish va kelajakda o‘z bizneslarini ochishga ko‘mak berishdan iborat.

VMTTD ekspertlari tadqiqot o‘tkazish natijasida eksport va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun eng yuqori salohiyatga ega bo‘lgan mahsulot turlarining beshtasini aniqlab oldilar. Shunday qilib, tashqi bozorda namoyish etiladigan beshta vitamin mahsulot tanlandi.
Demak, quritilgan meva va yong‘oq aralashmasi, quritilgan meva va yong‘oqlardan tayyorlanadigan sneklar, quritilgan sabzavotlar, yong‘oq va yeryong‘oq pastasi, donli dukkakli mahsulotlar (mosh misolida), murabbolar va mevadan tayyorlangan pyure.
Ekologik toza mahsulotlar tayyorlash ichki va tashqi bozorni to‘ldirish, aholi, ayniqsa, qishloq joylarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish, shubhasiz, O‘zbekiston iqtisodiyotini o‘sishining ijtimoiy va ekologik barqaror modelini yanada rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadi.
Yana bir muhim jihati – loyihada tadbirkor ayollar va yoshlarni maqsadli qo‘llab quvvatlash ko‘zda tutilgan. Loyiha davomida mentor-menti, ya’ni Usto-shogirdning noyob dasturi ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Muvaffaqiyatga erishgan ishbilarmon tadbirkor-murabbiylar tadbirkorlik asoslarining yosh qizlar-mentiga (shogird) o‘rgatadilar. Har bir hududda o‘ttizdan ortiq yosh qizlarimiz murabbiylar tomonidan o‘qitiladi.
O‘tkazilgan treninglar natijasida 90 nafardan ortiq menti-shogirdlar xushbo‘y mahsulotlarining beshta nomlaridan birini ishlab chiqish va ommabop qilib chiqarish asosida o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishadi.
Biznesning bo‘lajak malikalari
Loyiha Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida istiqomat qilayotgan ayollarni qamrab oladi.
Joriy yilning 14 iyul kuni Namanganda «Tadbirkor ayol» Assotsiatsiyasi hamda Birlashgan Millatlar tashkilotining Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda savdoga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasiga start berildi.
Birinchi uchrashuvda VMTTD vakillari, «Tadbirkor ayol» assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, loyihada ishtirok etish istagini bildirgan 60 nafar ayol va qizlar qatnashishdi.
Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilishining birinchi bosqichi so‘rovnoma orqali qatnashchilarni saralash bilan boshlandi.
Maqsad – assotsiatsiyaning ilg‘or fermer ayollarining tajribalarini mentorlik (ustozlik) qilish orqali menti (shogird)larga o‘rgatish va kelajakda ularga o‘z bizneslarini ochishga ko‘mak berishdan iborat.
Farg‘onada Ustoz-shogird an’analari
Farg‘onada o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan oltmish nafar xotin-qizlar jam bo‘lishdi. Yig‘ilgan ishbilarmon ayollar «Farg‘ona vodiysida tadbirkor ayollar va yosh xotin-qizlar uchun mentoring dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish» loyihasining faol ishtirokchilariga aylandi.
O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra mentorlik-ustozlik qila oladigan kuchli tadbirkorlarni aniqlash bilan bir qatorda mentilar, ya’ni shogirdlar ham aniqlab olindi. Loyiha davomida ularning ishlab chiqarish salohiyatlarini yanada oshirish uchun yangi o‘quv modullarini qo‘llash nazarda tutilgan.
Maqsad – qishloq joylarda mahalliy ishlab chiqarishda ekologik toza mahsulotlarni tanlash, mahsulot sifatini oshirish va yangi ish o‘rinlar yaratishdan iborat.
Andijonda yangi qo‘shma loyiha
Andijonda taklif qilingan 60 nafar tadbirkor ayollar orasidan kuchli murabbiy va bir guruh shogirdlar malaka oshirish uchun aniqlandi. Loyiha yakunida tanlangan tadbirkorlarimiz mosh, quritilgan sabzavot va mevalar, yong‘oq va yer yong‘oqdan tayyorlangan pastalar va murabbolar tayyorlashda mohir ustalarga aylanishiga umid katta.
Muvaffaqiyatli biznes-reja taqdim etgan menti-shogird uchun yana bitta yangilik bor. U ham bo‘lsa «Tadbirkor ayol» assotsiatsiyasi tadbirkorligini rivojlantirish uchun moliyaviy ko‘mak berishni rejalashtirgan. Qo‘shimcha bonus BMTTD tashkilotidan – xalqaro tashkilot zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlashga tayyor.
Nigora Rahmonova, O‘zA