“Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur”
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ulug‘ bobokalonimiz, davlat arbobi, buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 689 yilligi munosabati bilan “Menkim, Sohibqiron – jahongir Temur” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Ma’rifiy anjumanda Temur va temuriylar saltanatining jahon tamaddunidagi o‘rni va ahamiyati xususida o‘quvchi-yoshlarga batafsil ma’lumot berildi.
E’tirof etilganidek, Sohibqiron bobomiz dunyoda tengi yo‘q ulkan saltanatga asos soldi. Jahonning ko‘plab davlatlari bilan o‘zaro manfaatli diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi.
Tarixchi olimlarning qayd etishlaricha, Amir Temur ijtimoiy adolat, obodlik, haqiqat, ilm-ma’rifat tamoyillari asosida ulkan saltanatni idora etib, madaniyat va san’at, me’morchilik, hunarmandlik va umuman ma’rifat va ezgulik homiysi sifatida dunyoda nom qozondi. Aynan Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan gullab-yashnadi. Dunyodagi ko‘plab ilmiy kashfiyot va izlanishlarga sabab bo‘ldi.
– Buyuk sarkarda va davlat arbobi bizga adabiy asarlar va davlat boshqaruvi “Temur tuzuklari”dan tortib, jahon tarixiga kirgan noyob arxitektura va qadimiy me’morchilik durdonalarigacha bo‘lgan ulkan merosni qoldirdi, – dedi shoira, ma’naviyat targ‘ibotchisi Gulchehra Shahobiddin qizi. – Temur va temuriylar davrini mukammal o‘rganish yangi O‘zbekiston yoshlari uchun qanday buyuk zotlarning vorislari ekanini anglab yetish, shu asosda o‘z bilimi va sa’y-harakatlarini Vatan taraqqiyoti uchun safarbar etishida g‘oyat muhim.
Ma’rifiy anjumanda Sohibqiron Amir Temur hayoti, faoliyati, uning jahon tarixida tutgan o‘rni va ahamiyati, temuriylar saltanatining dunyo sahnasidagi mavqei xususida batafsil so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiylari, o‘quvchi va talabalar ishtirokida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Sohibqiron hayotiga doir ijodiy-ma’rifiy viktorina o‘tkazildi. Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri