Mening yuragimda jarohati bitmas ogʻir dard bor...
Ushbu bitiklar samarqandlik qahramon jangchi Sayyor Saʼdinovning yorqin xotirasiga va uning volidai muhtaramasi Roziyaxon opaga bagʻishlanadi.
(Esse-dialog)
Ushbu bitiklar samarqandlik qahramon jangchi Sayyor Saʼdinovning yorqin xotirasiga va uning volidai muhtaramasi Roziyaxon opaga bagʻishlanadi.
– Sayyorjon!.. Oʻgʻlim!.. Men keldim. Eshitayapsanmi, bolam, men yana keldim...
– Eshitayapman, ayajon, eshitayapman... Bu safar ham albatta shundoq boʻlishini biluvdim, yoʻllaringizga har doimgidek intiq koʻz tutuvdim... Kelganingiz uchun rahmat... Ishqilib, oʻzingiz omonmisiz, tani-joningiz sogʻmi, aya?..
– Xudoga shukur, bardam-baquvvatman. El qatori rizqimni terib yuribman. Faqat...
– Nega oʻksinasiz, nega xoʻrsinasiz, aya?..
– Oʻzing bilasan-ku, Sayyorjon, mening yuragimda jarohati bitmas ogʻir dard bor. Uning bir nomi judolik, ikkinchisi – judolikdan tugʻilgan armon... Tagʻin onam yozgʻirayapti, deb oʻylama. Noliganning noni yarimta boʻladi. Noshukurdan Xudoning qahri keladi. Men omadi gapni aytayapman, eng yaqin odamim boʻlganing uchun senga dil yorayapman. Esingdami, bolam, mening qalbim bundan roppa-rosa yigirma yil muqaddam ilk bor qattiq yaralangandi. Otang avtohalokatga uchrab, 35 yoshida hayotdan bevaqt koʻz yumgandi. Men oʻttizga toʻlar-toʻlmasimdan, ketma-ket tugʻilgan uch oʻgʻilu ikki qizaloq bilan tul qolgandim...
– Ha-a... Oʻsha kezlar akam va opam boshlangʻich sinfda oʻqishardi. Men hali harf tanimasdim. Jamshidu Madina endigina tetapoya boʻla boshlagan goʻdaklar edi...
– Nimayam qilardim, bevalik azoblariga, turmush mashaqqatlariga dosh berdim. Dosh berdim-u, oradan oʻn sakkiz yil oʻtib, boyagidan-da ogʻirroq ikkinchi zarbaga duch keldim. Sen na bir chimildiq koʻrmay, oʻzingdan na bir zurriyot qoldirmay, ayni kuch-quvvatga toʻlgan yigirma toʻrt yoshingda dunyodan oʻtding. Yovuz niyatli gazandalarga qarshi kurashda shahid ketding... Endi-endi oʻylasam, baʼzan dahshatga tushaman. Qismatdan qochib, peshonada boridan tonib boʻlmas ekan-da. Ota-bola ikkovlashib loaqal bir inson umrini ham yashamabsizlar-a. Qoʻshib hisoblaganda, atigi 59 yilgina hayot kechiribsizlar-a... Hozir esa, mana, ikki yildirki, qoʻshmozor boʻlib, yonma-yon yotibsizlar. Boshqa nima ham deyin?.. Men Sizlarni sogʻindim, oʻgʻlim, juda-juda sogʻindim...
– Yigʻlamang, ayajon, yigʻlamang! Axir, bu foniy dunyo, oʻzingiz aytmoqchi, shusiz ham koʻz yoshlaridan bezor. Inson zoti yaralibdiki, quvonchga xaridor, baxtga intizor. Qoʻying, boʻzlamang, aya... Mabodo Siz yigʻlasangiz...
– Yoʻq-yoʻq, zinhor-bazinhor bezovtalanma, bolam! Men yigʻlayotganim yoʻq, shunchaki koʻngil boʻshatayapman, xolos. Axir, men – ayolman! Axir, men – onaman! Otang jufti halolim – umrimning ajralmas boʻlagi, oilamizning tirgagi edi. Sen farzandim eding, yuragimning katta parchasi – dilbandim eding... Nachora, taqdir bizlarni bir-birimizdan abadul-abadga ayirdi. Diydor qiyomatga qoldi... Bilaman, Sayyorjon, “Oʻtgan umr – kuygan koʻmir”, baribir, yillar ortga qaytmaydi. Bilaman, Sayyorjon, bu dunyoga barchamiz ham mehmonmiz, baribir, moʻjiza roʻy bermaydi, marhumlar dunyoga qayta kelmaydi. Qoʻsh judolikning yuki esa ogʻir, juda ogʻir. Shunday boʻlgach, oʻksinmay ilojim qancha?.. Ahvolimni tushungin, jon bolam...
– Tushunaman, ayajon, tushunaman... Rostini aytsam, men ham Sizni sogʻindim. Ogʻa-inilarimni, opa-singillarimni, yoru birodarlarimni – hamma-hammalaringni sogʻindim. Biroq nima qilay?.. Siz – tiriklarning yoʻrigʻingiz boʻlakcha. Qachon bizni sogʻinsangiz, qoshimizga kelasizlar, otam ikkimizning qabrimizni ziyorat qilasizlar. Biz-chi, biz?.. Uzr, ayajon, men Sizlarning oldingizga hargiz oʻz oyoqlarim bilan yurib borolmayman. Bir dasturxon atrofida qoʻr toʻkib, Sizlar bilan birga-birga oʻtirolmayman. Chunki men marhumman. Chunki men allaqachon olamdan oʻtganman.
– Andak shoshma, unday dema, bolam. Sen oʻlmagansan. Sen tiriksan! Jisman oramizda boʻlmasang-da, ruhan yonimizdasan. Mudom xalq yodidasan. Negaki, sen oddiy oʻlim topmading. Koʻcha-koʻyda bezorilik qilib yoki birovlar bilan mushtlashib jon bermading. Aksincha, zarur paytda el osoyishtaligi uchun jangga kirding. Hayotingni Vatan mudofaasi yoʻlida qurbon berding.
– Men bor-yoʻgʻi burchimni ado etdim. Aniqrogʻi, harbiy qasamyodimga sodiq qoldim, aya.
– Hamma gap shunda-da, Sayyorjon. Kimning qandayligi, yurtga muhabbati, Vatanga sadoqati ogʻir damlarda bilinadi. Tulporning uchquri poygada, yigitning botiri maydonda sinaladi. Lafziga sodiqlik ogʻizda emas, amalda isbotlanadi. Taqdir taqozosini qaraki, sen bunday sinovga yosh boshing bilan ikki bor roʻbaroʻ kelding. Va ikkala safar ham undan muvaffaqiyatli oʻtding. Mardliging ila odamlarni hayratu havasga solib ketding... Mening nazarimda, sen hamon kechagina koʻcha changitib yurgan gʻoʻr bola eding. Kutilmaganda samoda uchgan yulduz misoli yilt etib koʻzga tashlanding... Hayronman, oʻgʻlim, bunday jasoratu matonatni qachon, qaydan ola bilding?
– Hecham ajablanmang, ayajon. Oy quyoshdan yogʻdulanadi, daryo buloqdan jilgʻalanadi. Boshimizga tushgan fojia tufayli men ota mehriga toʻymay oʻsdim. Tengqurlarimga nisbatan ancha erta ulgʻaydim. Oʻzimdagi xislatlarni esa Sizdan yuqtirdim. Esimni tanib angladimki, besh norasidani tanho oʻzingiz birovlardan kam qilmay, koʻnglini choʻktirmay oʻstirganingiz mislsiz qahramonlik ekan. Bizni halol, toʻgʻrisoʻz va mehnatsevar qilib tarbiyalaganingiz oʻziga xos maktab – ibrat ekan. Shul bois akamu ukam, opamu singlim singari gapingizdan chiqmadim. Nojoʻya yoʻlga kirmadim. Maktabda imkon qadar yaxshi oʻqishga intildim. Sportga astoydil qiziqdim.
– Darvoqe, toʻqqizinchi sinfni bitirishing arafasida birdaniga boʻying oʻsib ketdi. Savdo texnikumida oʻqiyotgan mahaling muskullaring kuchga toʻldi. Qarchigʻayday norgʻul yigitga aylanding.
– Jismonan baquvvatligim, abjir-chaqqonligim harbiy xizmatga chaqirilganimda juda asqatdi. Meni saralangan desantchi qoʻshinga joʻnatishdi. Oʻzimni koʻrsata oldim chamasi, avvaliga kichik komandir qilib tayinlashdi. Soʻngra xizmatni maxsus boʻlinmada shartnoma asosida davom ettirishimga ruxsat berishdi. Har qalay, bu kasbni oʻzim, oʻz xohishimga koʻra tanlovdim. Siz rozi boʻluvdingiz.
– Toʻgʻri, bolam!.. Onalar oʻgʻil-qizlari hamisha koʻz oʻngida yurishlarini istashadi. Ular esa qanot chiqariboq, har yon parvozga shaylanishadi. Oʻshanda sening ham otang rahmatli-yu men kabi shifokor boʻlishingni istasam-da, ich-ichimdan zil ketsam-da, raʼyingni qaytarolmadim. “Qayga borsang, boshing toshdan boʻlsin! Yuzimni yerga qaratma, bolam”, deya fotihaga qoʻl ochdim.
– Duolaringiz ijobat topdi, ayajon. Koʻp oʻtmay meni zobitlikka loyiq koʻrishdi. Unvonimni praporshiklikdan leytenantlikkacha koʻtarishdi. Oʻz navbatida men ham komandirlarim ishonchini oqlash payida boʻldim. Ayniqsa, AQSHning Kentukki shtatida birgalikda oʻtkazilgan “Ultrabalans – 99” harbiy mashqlarida faol qatnashdim. Oʻzbek askarlari va zobitlari nimalarga qodirligini isbotlashga harakat qildim. Pirovardida qoʻmondonlik tashakkurnomasiga sazovor boʻldim. Turli mashgʻulotlarda orttirgan tajribalarim Botken mintaqasidagi jangovar harakatlarda rosa qoʻl keldi.
– Va sen xizmatlaring evaziga “Jasorat” ordeni bilan taqdirlanding.
– Shu munosabat bilan bizni Yurtboshimizning shaxsan oʻzi qabul qildi. Boshqa safdoshlarim qatori meni ham oʻz oʻgʻlidek mehr-la bagʻriga bosdi. “Yurtimizni turli balo-qazolardan mana щunday azamatlar asraydi”, deya yuksak ishonch bildirdi.
– Har uchrashganimizda bu haqda hayajonlana-hayajonlana soʻzlab berarding. Senga qoʻshilib men ham quvonardim. Ammo sen uyda koʻp oʻtirmasding. Doimo shoshib turarding. Goh oʻzing bosh boʻlgan boʻlinma bilan mashqlarga otlanayotganingni, goh harbiy bilim yurtida boʻlgʻusi zobitlarga dars oʻtishing lozimligini aytib, darhol yoʻlga tusharding. Bamisoli uchqur qushdek kelarding-u ketarding. Men odatdagidek diydoringga toʻymay qolaverardim.
– Harbiylik masʼuliyati shuni taqozo etardi-da, mendan ranjimang, aya.
– Ranjiganim-ku, yoʻq. Lekin onaligimga borardim. Baxtiyorjon ikkalangni tezroq uylantirishni, sizlar yoqtirgan qoʻsh Nargizalarni qoʻsh kelin qilib tushirishni, nevaralarimni bagʻrimga bosib katta qilishni orzulardim. Afsus, orzularim toʻla-toʻkis ushalmay, bir cheti kemtikligicha qolib ketdi. Sen Surxondaryo togʻlarida boʻlgan qirgʻin-barotdan tirik qaytmading, Sayyorjon...
– Yodimda, oʻsha kuni qismimiz bayramga hozirlik koʻrayotgandi. Tadbirda biz qoʻl jangi boʻyicha toʻplagan mahoratimizni namoyish etishimiz darkor edi. Taassufki, uni tomoshabinlar oldida emas, haqiqiy jangda qoʻllashimizga toʻgʻri keldi. Qoʻqqisdan xavfdan ogoh etuvchi tashvishli xabar yangradi. Maxsus guruhimiz shodiyonani unutib, ilkis oyoqqa turdi. Biz sanoqli daqiqalarda Toshkentdan Surxondaryoga yetib bordik. Belgilangan joyda pastga sakradik. Maydonga kirgan manglayini qashimaydi. Oyogʻimiz yerga tekkani hamono jangga kirishdik. Men oldinda edim. Avvaliga avtomatimdan oʻq uzib, ikki terrorchini yer tishlatdim. Basma-basiga granata uloqtirib, dushman yashiringan gʻorni portlatib yubordim. Bir mahal chap koʻkragim jiz etdi-yu, ortimga qalqib ketdim...
– Qolganini oʻrtoqlaring soʻzlab berishdi. Sen yaralanganingga qaramay, yana besh soatcha jang qilibsan. Oxiri koʻp qon yoʻqotib, holdan toyibsan. Joning uzilishi oldidan bir gap aytibsan. “Hali qiladigan ishlarim koʻp edi”, debsan... Men shum xabarni eshitib, es-hushimni yoʻqotdim.
– Oʻzingiz “El boshiga ish tushsa, saxiy molidan, botir jonidan kechadi”, derdingiz-ku...
– ...Ochigʻi, oʻshanda bu judolikka chidolmayman, adoyi tamom boʻlaman, degan xayollarga borgandim. Elga rahmat, koʻpchilikka qulluq! Meni yolgʻizlatib qoʻyishmadi. Sening oʻlimingga katta-yu kichik – butun xalq qaygʻurdi. Oʻsha janglarda sen kabi mardlarcha halok boʻlgan Alisher, Elomon, Abduhalim, Yunus, Doniyor, Qahramon, Ulugʻbek, Mahmudjon, Gʻafurjon, Boburjon, Maʼrufjonlarning xotirasi haqqi-hurmati butun Oʻzbekiston motam tutdi. Prezidentimiz katta minbarda turib, barchamizga hamdardlik bildirdi. Mening marhum jangchilarning otalari – kattaqoʻrgʻonlik Abdulla Barnoyev, bulungʻurlik Ahmad Rajabov bilan birgalikda yoʻllagan maktubimni chuqur qaygʻu ila el oldida oʻqib berdi. Vatan fidoyilarining xotirasi hech qachon xalq yodidan koʻtarilmasligini, ularning nomlari hamyurtlarimiz uchun mardlik va jasorat, faxru gʻurur timsoli boʻlib qolajagini alohida taʼkidladi. Amalda rostdanam shundoq boʻldi. Chunonchi, sen qahramonliging uchun vafotingdan soʻng ikkinchi darajali “Shuhrat” ordeni bilan taqdirlanding. Ota yurting Nuroboddagi koʻchaga, oʻzing yashagan-oʻqigan Pastdargʻomdagi va Samarqanddagi mahalla-yu maktabga noming berildi. Marmar yodgorliklar oʻrnatildi, xotira burchaklari tashkil qilindi. Senga atab sheʼrlar-qasidalar bitildi. Endilikda maktabing hovlisiga byustingni oʻrnatish rejalashtirilayapti. Meni esa qahramonning onasi sifatida tez-tez uchrashuvlarga chaqirishadi. Mustaqillik, Navroʻz, Qurolli kuchlarimiz bayramlarida seni yoʻqlab kelishadi. Uyimizdan ustozlaring, sinfdoshlaring, quroldoshlaring, muxbirlar qadami uzilmaydi.
– Shularning borligiga rahmat, ayajon.
– Elning hurmat-eʼtiqodini qara, oʻgʻlim, sening qahramonliging tillarda doston boʻlgach, Baxtiyor akang tuyqus ish joyini oʻzgartirdi. U hozir sen xizmat qilgan, siymong mangulikka muhrlangan qismda harbiy shifokor vazifasini oʻtayapti. Askarlarimiz salomatligi uchun jon kuydirayapti. Ukang Jamshid esa muhandisligini tashlab, ichki ishlar sohasida ishlayapti. Jinoyatlar oldini olishga hissa qoʻshayapti.
– Ular ham mening yoʻlimni tutishibdi-da.
– Ha, shundoq, bolam. Maydonda sinalgan hamisha elda aziz boʻladi. Mardlik mangulikka tatiydi, hech qachon unutilmaydi. Botirning jismi oʻlsa ham, ismi oʻlmaydi... Tunovginda degin, meni hurmatlab yana maktabingga chaqirishdi. Bajonidil bordim. Oʻn olti yoshli bir oʻquvchi harbiy libos kiyib sahnaga chiqdi. Berilib sening rolingni ijro etdi... Voajab, yengil-chaqqon xatti-harakatlari, oʻktam-dadil gap-soʻzlari quyib qoʻygandek xuddi oʻzing. Nazarimda, sen qayta tirilib kelganday, alpqomating bilan roʻparamda turganday boʻlding... Ishqilib, umrlari oʻxshamasin-u sening vafotingdan keyin shahrimizda Sayyor va Sayyora ismli chaqaloqlar koʻpayib ketdi... Bu demak, sen oʻlmagansan! Odamlar nazdida barhayotsan! Men shunisiga shukur qilaman. Senday oʻgʻlim boʻlganidan faxrlanaman. Sening tabarruk noming mardlik va jasorat, xalqqa muhabbat, Vatanga sadoqat ramziga aylanib qolganidan gʻururlanaman.
– Bergan oq sutingizga rozi boʻling, aya.
– Goʻring nurga toʻlsin, Sayyorjon, mingdan-ming roziman... Men hali yana koʻp kelaman. Oilamizdagi yangiliklarni, tinch-obod yurtimizdagi oʻzgarishlarni bafurja soʻzlab beraman, xoʻpmi... Hozircha xayr, bolam...
– Yaxshi boring, mendan odamlarga – barcha-barchaga salom ayting, ayajon!..
Abdunabi HAYDAROV,
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2002-y. 25-sentyabr