Mening ham ustozim bor, ustozimning ham ustozi bo‘lgan
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan xalqimizning ming-minglab farzandlarining kamoloti yo‘lida o‘qituvchi va murabbiylarning hissasi beqiyos. Buni xalqimiz yaxshi biladi va ulug‘ xizmatlarimizni yuksak qadrlaydi.
Har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoni bilan ustoz, o‘qituvchi va murabbiylarni davlat mukofotlari, orden va medal bilan taqdirlanishi buning yorqin dalilidir.
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami munosabati bilan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialida talaba yoshlarga ta’lim-tarbiya va sport sohasining o‘ziga xos sirlarini o‘rgatib kelayotgan, o‘z kasbiga mehr qo‘yib, mehnat qilayotgan professor-o‘qituvchilar rahbariyat tomonidan pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi. Talabalarimiz filialda bilim egallash bilan birga sport sohasida qator yutuqlarga erishib kelmoqda. Ularning xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishishida o‘qituvchi va murabbiylarning mehnatlari beqiyos ekanligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Filialda bugungi kunda Tokio-2020 yozgi olimpiada o‘yinlari qatnashchilari, xalqaro toifadagi sport ustalari, O‘zbekiston Respublikasi sport ustalari, Osiyo, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston chempionlari, umidli yoshlar tahsil olmoqda.
Filialimizda mehnat qilayotgan hurmat-ehtiromga ega kasb egalari bayram munosabati bilan dasturxon atrofida chin dildan suhbatlashdi va san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlaridan bahra oldi.
Xalqimizda “Ustoz – otangdek ulug‘”, degan hikmat bor. Ota-ona farzandni voyaga yetkazadi, ustoz esa unib-o‘sishi, kamolotga erishishi, ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishiga ko‘maklashadi. O‘z umri, qalb qo‘ri, aql-idroki, tajribasi va bilimini sarf etadi. Men ham necha yillar shu sohada mehnat qilayotgan ustoz bo‘lsam, mening ham ustozim bor, ustozimning ham ustozi bo‘lgan. Xalqimiz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilat timsoli bo‘lgan aziz va mo‘’tabar zotlar sha’niga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarni izhor etsa arziydi.
Bayram Mambetov,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
Nukus filiali direktori.
O‘zA