Men nechun sevaman O‘zbekistonni?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Abdulla Oripov ijodi zamonaviy o‘zbek adabiyotining yorqin sahifalaridan birini namoyon etadi. Abdulla Oripov she’rlarida insonning chuqur ruhiy dunyosi va xalq tarixi tahlil etiladi. U O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi matnining muallifidir.
Tadbirda Abdulla Oripov jahon adabiyoti durdona asarlarini o‘zbek kitobxonlariga yetkazishda ham samarali mehnat qilgani ta’kidlandi.
Ustoz shoir A.Oripovning ijod laboratoriyasi o‘zbek xalqining o‘tmishi, ruhiyati, milliy qadriyatlarning betakror suratlarini aks ettiruvchi qalb ko‘zgusi, millat darsxonasidir. Uning qalb ehtiyojidan tug‘ilgan, umuminsoniy tuyg‘ularni kuylagan asarlari o‘zbekning jon tomirlari bo‘lib, dunyo xalqlarini birlashtirish va yaqinlashtirishdek ulug‘ vazifani ado etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” gi qarori xalqimiz, adabiyot muxlislarini quvontirdi.
A.Oripov ijodi nafaqat o‘zbek xalqi uchun, balki dunyodagi barcha turkiy xalqlar uchun e’zozli va qadrlidir. Uning jahon adabiyoti xazinasiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilgan, ko‘ngillarga o‘zgacha zavq baxsh etish qudratiga, har qanday yoshdagi kitobxonni o‘ziga rom qilish salohiyatiga ega asarlari o‘zbek xalqining ovozi bo‘lib, sayyoramiz bo‘ylab yangramoqda. Ular O‘zbekistondan tashqarida yashayotgan o‘zbeklar uchun ham daxldor bo‘lib, bu munavvar asarlarning xalqlarni birlashtirish va yaqinlashtirishdagi xizmatlari beqiyos. Zero, keyingi yillarda jahon tamadduniga beshik bo‘lgan o‘zbek xalqi, qadimiy o‘zbek tili, tarixi, madaniyati, adabiyoti va san’ati dunyo hamjamiyatini har qachongidan ham ko‘proq qiziqtirmoqda.
Tadbirda Abdulla Oripov she’riyatining tarbiyaviy jihatlari, ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi. Abdulla Oripov haqida xotiralar yodga olindi. Shoirning Vatan, istiqlol, milliy o‘zlik, insoniylik haqidagi she’rlari o‘qildi. Uning so‘zlari bilan aytiluvchi dilrabo qo‘shiqlar yangradi.
N.Usmonova, O‘zA