“Men ham harbiy bo‘laman” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Harbiylik – shon-sharaf, ham ulkan mas’uliyat. O‘z taqdirini shu aziz Vatan, uning kelajagiga baxshida etmoqlikdir. Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida o‘tkazilgan taqdimot tadbirida shu haqda so‘z bordi.
“Men ham harbiy bo‘laman” deb nomlangan kitob matonatli harbiylar hayotiga, bu yo‘lga kirish orzusidagi yoshlarga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.
Taqdimot tadbirida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari O.Hasanov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qo‘mondonining tarbiyaviy ishlar, kadrlar va yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik S.Mamayusupov, Oliy Majlis Senati a’zolari, huquqshunos olimlar, yozuvchilar so‘zga chiqib, mazkur kitob haqida batafsil so‘z yuritdi.


Aynan ushbu kitob vatanparvarlik, yurtga sadoqat bilan xizmat qilish, o‘z taqdirini yurt taqdiri bilan uzviy bog‘lash kabi ezgu g‘oyalarga asoslangani bilan ahamiyatli ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbir davomida Milliy gvardiya Ashula va raqs ansambli xonandalarining musiqiy chiqishlari, Jamoat xavfsizligi universitetining harbiy xizmatchisi tomonidan yaratilgan “Jadidlarga bag‘ishlov” qo‘shig‘i kuylandi.

Milliy gvardiya qo‘mondonligiga yosh harbiylar uchun “Men ham harbiy bo‘laman” nomli kitobning dastlabki 100 tasi taqdim etildi. Bu kabi tadbirlar yoshlar qalbida yurtga sadoqat, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan.
N.Usmonova,
O‘zA