Memorandum mintaqaviy muammolarga yechim topadi
Hayotimizdagi har bir o‘zgarish yoki yangilik zamirida ilm-fanga e’tibor yotadi. Albatta, ilmni olimlarsiz, olimlarni esa ilmsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Bugun yurtimiz olimlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar ko‘lami katta. Qishloq xo‘jaligi sohasi deysizmi, iqlim, texnologiya, boringki parrandachilik sohasida ham ularning tadqiqotlari, izlanishlari muhim. Bu izlanishlarning samarasi esa ko‘proq hamkorlikda bilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Umumiy va noorganik kimyo instituti hamda Turkmaniston Fanlar akademiyasining Kimyo instituti o‘rtasida imzolangan ilmiy-tadqiqotlar bo‘yicha anglashuv memorandumi ham har ikki mamlakat olimlari uchun foydali bo‘ldi.
Ushbu memorandum ikki davlat o‘rtasida fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion yechimlarni qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy muammolarga birgalikda yechim topish maqsadlarini ko‘zda tutadi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari - mineral o‘g‘itlar, adsorbsiya texnologiyalari va kimyoviy kataliz sohasida tadqiqotlar olib borish. Davlat dasturi doirasidagi ilmiy-tadqiqot loyihalarini hamkorlikda ishlab chiqish va amalga oshirish.
Olimlar, magistrantlar va doktorantlar uchun stajirovka va malaka oshirish imkoniyatlarini yaratish hamda laboratoriya uskunalaridan o‘zaro foydalanish va ilmiy baza almashinuvi ham nazarda tutilgan.
Mazkur memorandum doirasidagi kelgusi qadam ikki qo‘shni davlatning ilmiy salohiyatini integratsiya qilib, mintaqaviy kimyo fanini xalqaro darajaga olib chiqish imkonini beradi. Qolaversa, ekologik, sanoat va texnologik muammolarga birgalikda yechim topishga yo‘l ochadi.
N.Rahmonova, O‘zA