Mehribon, kamtarin ustozning aziz yodi
Ishga yangi kelgan kezlarim. Hovliqib axborotlarni gohi o‘zbek, gohi rus tilida yozishga to‘g‘ri kelardi. Ustoz Mashrab Boboyev o‘sha kezlari O‘zbekiston Milliy axborot agentligining tarjima tahririyatida muharrir bo‘lib ishlar edilar.
Bir kuni yozganlarimga qaradilaru "Qizim, tuppa-tuzuk o‘zbek qizi ekansiz, endi axborotlarni ham o‘zbek tilida yozishni o‘rganing", deb qoldi. Mehr bilan aytilgan bu so‘zlar chorlovmi, tanbehmi tushunmagandim o‘shanda. Xizmatchilik ekan, ustoz o‘shanda zarra kinoyasiz aytgan so‘zlari hali-hamon quloqlarim ostida yangraydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan milliy adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan ijodkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi va dramaturg Mashrab Boboyev tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanayotgan shu kunlarda ustoz Mashrab Boboyev haqidagi xotiralar yana ongimda charx ura boshladi. Qutlug‘ sana arafasida poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Parkent ko‘chasi 31-uy - ustoz ijodkor istiqomat qilgan uyda ularning xotirasiga bag‘ishlab xotira barelefining tantanali ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid milliy adabiyotimizning kamtarin namoyandasi bo‘lgan ustoz Mashrab Boboyev odamiyligi, odamgarchiligi, teran saviyasi, talabchanligi bilan ijodkorlar, shogirdlar ko‘nglida manguga qolganini ta’kidladi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov adabiyot, so‘z san’atiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ijodkor ziyolilar, butun kitobxon xalqimizni quvontirayotganini alohida qayd etdi.
Mashrab Boboyev betakror shoir, dramaturg, mohir adib sifatida so‘z san’ati muxlislari qalbidan o‘rin olgani ta’kidlandi.
Ustoz yozgan asarlar, she’rlar hamon qalbimizda yashamoqda. Zero, ularda xalq qalbining harorati, o‘zligimiz mujassamdir.
Mashrab Boboyev yirik va mohir tarjimon sifatida ham milliy adabiyotimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan ijodkor edi.
[gallery-4536]
- Mashrab aka haqida ko‘p gapirish mumkin, - dedi taniqli adib, " Guliston" jurnali bosh muharriri Mamatqul Hazratqulov. - U kishining tarjimaga, ijodga, ishga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishi, so‘zga bo‘lgan e’tibori, oilasi, farzandlari, umuman, xalqimizga mehri ibratga arzigulikdir. Dunyoning yetakchi asarlarini kitobxon Mashrab aka Boboyev tarjimasida o‘qishga muvaffaq bo‘lgan.
- Otamiz xotirasiga ko‘rsatilayotgan bu e’tibordan g‘oyat mamnunmiz, - dedi ustozning qizi Mukofot Boboyeva. - Bunday e’tibor qalbimizni quvonchga to‘ldirdi.
Ha, bugun poytaxtimizdagi xonadonlardan birining ostonasiga ustoz ijodkor, qadrdon siymo, kamtarin yozuvchi, mohir tarjimon Mashrab Boboyev xotirasiga yodgorlik lavhasi o‘rnatildi. Bu esa milliy adabiyotimiz, ijod ahliga bo‘lgan cheksiz ehtiromning amaliy namunasidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA