Mehribon insonlarning murgʻak yuraklarga ehtiromi
Navoiy viloyatida yurak xastaligiga chalingan yoshlarni davolashga qaratilgan “Mehribon yurak” xayriya mega aksiyasi boʻlib oʻtdi.
Navoiy viloyatida yurak xastaligiga chalingan yoshlarni davolashga qaratilgan “Mehribon yurak” xayriya mega aksiyasi boʻlib oʻtdi.
Navoiy shahrida oʻtkazilgan ushbu tadbir viloyat hokimligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi hamkorligida oʻtkazildi.
Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari F.Soliyev ushbu xayriya aksiyasida barcha faol ishtirok etib, oʻz hissasini qoʻshishi saxovatpeshaligimiz namunasi ekanini alohida taʼkidladi.
– Navoiy viloyati boʻylab ezgulik yoʻgʻrilgan “Mehribon yurak” xayriya aksiyasi eʼlon qilingan, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati kengashi raisi Jamshid Xoʻjayev. – Ushbu ezgulik targʻiboti Respublika hamda Yaponiya, Xitoy, Rossiya davlatlarida taʼlim olayotgan oʻzbek yoshlari tomonidan ham iliq kutib olindi va targʻib qilindi. Bu aksiyani tashkil etishimizda viloyatda 300 nafarga yaqin bolaning yurak xastaligidan aziyat chekayotganligi hamda ularning aksariyati kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandi ekanligi sabab boʻldi. Maqsadimiz esa, bugungi kunda jarrohlik amaliyotiga zarurati boʻlgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy sharoiti ogʻir boʻlgan bemor bolalarni davolatish va ularni sogʻlom hayotga qaytarishdir. Aksiyamiz orqali bir bolaning yuragi sogʻlom urishiga erisha olsak ham qilgan mehnatlarimiz besamar ketmagan boʻladi. Bugungi kunga qadar aksiya doirasida viloyatning tuman va shaharlaridan kelgan yoshlarning 20 nafari tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi va shifokorlar tomonidan xulosalar berildi. Shifokorlarning xulosasiga koʻra, 8 nafari operatsiya qilinadigan boʻldi.
Loyiha doirasida Navoiy shahridagi Yoshlar markazi foyesida viloyatdagi maktab oʻquvchilari ishtirokida “Rasmlar tanlovi” oʻtkazildi.
Eng quvonarli tomoni koʻngillilar va koʻngilli yoshlar tomonidan ixtiyoriy ravishda viloyat “Qon quyish” markazida bolajonlarimiz uchun qon topshirish jarayoni ham tashkil etildi. Shuningdek, “Mehribon yurak” xayriya aksiya doirasida Navoiy shahridagi Yoshlar xiyobonida gala-konsert dasturi tashkil etildi.
Xandona XUDOYQULOVA,
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi
Navoiy viloyati kengashi matbuot kotibi.