Mehr-muruvvat oyi ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda
Oylarning sulton deb ta’rif berilgan Ramazon poklik, sabr-qanot, mehr-muruvvat, saxovat, shukronalik timsolidir. Ushbu oyning saodati sabab Sirdaryo vohasida ham Muborak Ramazon Hayiti keng miqyosda nishonlanmoqda.
Bugun erta tongdan Sirdaryo viloyatning 74 ta jome masjidlarida Ramazon hayit namozi o‘qildi. Masjidlar hududi obodonlashtirilib namozxonlar uchun barcha shart-sharoitlar xozirlandi. Ibodatda 84 mingdan ziyod namozxon qatnashdi. Muborak ramazon oyida xayr-saxovat tadbirlari ham muntazam o‘tkazilib, yakka yolg‘iz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj kishilar holidan xabar olindi.

Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “VAQF” xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat filiali tomonidan amalga oshirilgan tadbirlar e’tirofga sazovor bo‘ldi.
– Fond tomonidan Muborak Ramazon oyida Sirdaryo viloyatida istiqomat qilayotgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand aholi vakillari, nogironligi bor fuqarolardan 2000 nafariga, Chernobil halokatini bartaraf etishda ishtirok etgan 100 nafariga 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi, – deydi “VAQF” xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat filiali rahbari Ibodulla Azizullayev. – Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan, nogiron, ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarning 4050 nafariga iftorlik dasturxonlari yozildi.


Iftorliklar avvali va so‘ngida ulug‘ oyda yon-atrofdagilarga mehr-saxovat ko‘rsatish, yaqinlar holidan xabar olish katta savob ekani ta’kidlandi va Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga rivoj tilab duo qilindi.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev,(surat) O‘zA.