“Mehr daryosi”dan milliy “brend” sari qadam
“Subhidamda ochilgan gullar ”, “Hayotning boshlanishi”, “Billur yelpig‘ich”, “Osmonlarda tutashgan ko‘ngil”, ”Unutdim ichki dunyo borligini bir kechada”, ”Ko‘ngil dasturxonida”...
Inson xotirasidan uchib, jismiga jo bo‘lguvchi bu sarlavhalar allaqachon rassom mo‘yqalami orqali qog‘ozlarga ko‘chgan. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi “Akademiya” galereyasi devorlarini bezagan suratlar O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Akmal Nur ijodiga mansub.

Rassomning har bir qarashida o‘zbekning xarakteri, ayniqsa, oila muhitining nafasi ufurib turganini sezish qiyin emas. “Billur yelpig‘ich” nomli suratga boqib, go‘zal orzularga berilsangiz, “O‘sha kun” bolalik xotiralaringizni yodga soladi. Umuman, bu galereyadiga suratlarning barchasi go‘zal orzular, niyatlar, sof muhabbat bilan yaralganini sezish qiyin emas. Chunki rassom tanlagan ranglar orasida birorta ham qora kunlarni, muammolarni yodga soladigan bo‘g‘iq ranglarni ko‘rmaysiz. Hammasi yorqin, hammasi sizni poklik sari yetaklaydi.

“Mursak” modalar uyi rahbari, dizayner Nilufar Abduvaliyevani ham ushbu galereyadagi suratlar e’tiborsiz qoldirmaydi. U Akmal Nuriddinovga hamkorlikni taklif qiladi. Ikki ijodkorning hamkorligi natijasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi “Akademiya” galereyasida “Mehr daryosi” deb nomlangan trikotaj liniyasi ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihaning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Endi Akmal Nur chizgan suratlar “Mursak” modalar uyi tomonidan ishlab chiqarilgan futbolkalarda aks etadi.
“Mehr daryosi” loyihasi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, loyiha doirasida xayriya ishlari amalga oshiriladi, ya’ni daromadning bir qismi O‘zbekistonda madaniyat va san’atni rivojlantirish, xususan, O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga qarashli ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Loyiha doirasida Akmal Nur asarlari namoyishi ham tashkil qilindi. Ekspozitsiyada rassomning so‘nggi yillarda yaratilgan yangi asarlari ham o‘rin oldi.
– G‘oyani o‘ylab topish oson, ammo uni amalga oshirish o‘ziga yarasha mashaqqat hamda mablag‘ talab qiladi. —deydi Nilufar Abduvaliyeva. –Bu g‘oyani amalga oshirishda menga ko‘pchilik ijodkorlar yordam berdi. Akmal akaning suratlarini tanlashimga sabab unda milliylik, o‘zbekona qadriyatlarimiz aks etgan. Loyihadan ko‘zlangan maqsad moddiyat emas. E’tibor bergan bo‘lsangiz, hozir aksariyat yoshlarimiz xorijiy so‘zlar bitilgan futbolkalar, ko‘ylaklarni kiyishni odat qilishgan. Ularning ba’zilari egnidagi kiyimga yozilgan so‘zlarning ma’nosini tushunsa, ko‘plari tushunmaydi. Niyatimiz kiygan libosimiz aytayotgan so‘zimizga, fe’limizga, yashash tarzimizga mos bo‘lsin.

Keng jamoatchilik, soha vakillari ishtirok etgan tadbirda tashkilotchilar xalqimizga xos hamjihatlik va mehr-oqibat qadriyatlari mavjud bo‘lib, ular ichida xayriya va homiylik an’anasi muhim o‘rin tutishini, mazkur loyiha bejiz “Mehr daryosi” deb nom olmagani, xalqimizning insonparvarlik xislatlari yanada ravnaq topishiga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng “Art model agency” model agentligi tomonidan trikotaj kolleksiyasi namoyish etildi va barchaninig qiziqishiga sazovor bo‘ldi.
Nigora Rahmonova, O‘zA