“Mehr bering –bolalarga mehribonlar!”
Samarqand avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kollejida viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya aksiyasi shunday nomlandi.
Samarqand avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kollejida viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya aksiyasi shunday nomlandi.
Samarqand viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan aksiyaga viloyatdagi professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 100 nafar nogironligi bo‘lgan, ota-onasiz o‘quvchilar, kam ta’minlangan va ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlari taklif etildi. Ularga boshqarma xodimlari, kasb-hunar kollejlarining direktorlari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda tizim o‘qituvchilari tomonidan 300 dan ortiq issiq kiyim-kechak, kitob va daftarlar, Yangi yil sovg‘alari hamda bayram dasturxoni tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Qahramoni H.Normurodov va boshqalar o‘zgalar ko‘magiga muhtoj o‘quvchi yoshlar doimo davlatimiz himoyasida ekanligini ta’kidlab, viloyatda bu borada samarali ishlar amalga oshirilayotganligi qayd etdi.
- Mehribonlik uyida tarbiyalanganman, - deydi Samarqand avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Ramz Roziqov. – Shu kungacha ham davlatimiz, saxovatpesha insonlar mehr-e’tiborida bo‘lib kelganman. Bugun ham ana shunday mehrni his etib turibman. Issiq kiyimlar, bayram sovg‘alari men kabi tengdoshlarimga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi. Mana shunday savob ishni uyushtirganlarning barchasiga minnatdorligimni bildiraman.
Bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari hamda viloyatning taniqli san’atkorlari tomonidan tayyorlangan bayram dasturi yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.