Mehnat yarmarkasi – imkoniyat
Navoiy viloyati Navbahor tumani 2-sektor hududida tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi va tuman prokuraturasi hamkorligida ish topishda qiynalayotgan fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda tumandagi 32 ta davlat tashkiloti 48 ta, 2-sektor hududidagi 9 ta MCHJ va xususiy korxonalar 21 ta va 17 ta fermer xo‘jaliklari 35 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Dastlab tadbirokorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, tumanda faoliyat olib borayotgan xususiy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularning faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Yarmarka doirasida fuqarolarning talabi va mutaxassisligi bo‘yicha yo‘llanmalar berildi. Jumladan fuqaro R.Qobulovaga tuman tibbiyot birlashmasiga xo‘jalik bekasi, S.Hasanovaga 16-umumta’lim maktabi targ‘ibotchisi, G.Abdurahmonovaga 6-maktabgacha ta’lim tashkilotiga yordamchi tarbiyachi, O‘.Quvondiqovga Suv xo‘jaligi va melioratsiya texnikumiga o‘qituvchi lavozimiga yo‘llanma berildi. Bundan tashqari 10 ta fermer xo‘jaligiga 24 nafar fuqaro ishga qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yarmarkada ishtirok etayotgan fuqarolardan 63 nafari xaq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA