Mehnat va mehr insonni qayta tiklaydi
Sirdaryo tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi ijtimoiy himoya tizimida alohida o‘ringa ega muassasalardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda bu yerda 274 nafar ayol doimiy yashab kelmoqda. Ularga 181 nafar xodim tomonidan tibbiy, ijtimoiy va psixologik xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Muassasada nafaqat parvarish, balki har bir yashovchini hayotga qayta tayyorlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kasb-hunarga yo‘naltirish va “mehnat terapiyasi” asosidagi mashg‘ulotlar orqali ayollar kundalik hayotini mazmunli va samarali tashkil etish imkoniga ega. Bugungi kunda 129 nafar yashovchi turli yo‘nalishlarda — tikuvchilik, pazandachilik, issiqxona yuritish, dekorativ gullar yasash, shuningdek, ashula va raqs kabi mashg‘ulotlarda faol ishtirok etmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mehnat terapiyasi insonda o‘z-o‘ziga ishonchni tiklash, ijtimoiy moslashuvni kuchaytirish va ruhiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Lyudmila Lopatinadagi o‘zgarishlar buning yaqqol misoli hisoblanadi. Ilgari o‘zini jamiyatdan uzilgan va yolg‘iz his qilgan Lyudmila bugun butunlay boshqacha hayot kechirmoqda. Muassasa mutaxassislari uning holatini individual reintegratsiya rejasi asosida o‘rganib, ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich tikladi.
– Har bir yashovchi bilan alohida ishlaymiz. Lyudmila bilan ham individual reja asosida turli mashg‘ulotlarga jalb qildik, – deydi ijtimoiy xodim Olmaxon Ahmetjanova. – Bu yondashuv uning o‘z-o‘ziga ishonchini tiklashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Muassasada xo‘jalik bekasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “milliy shirinliklar tayyorlash” loyihasi ayollarning eng faol ishtirok etayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu jarayonda yashovchilar nafaqat yangi ko‘nikmalar egallaydi, balki jamoada ishlash, muloqot qilish va o‘zini kerakli his etish imkoniyatiga ega. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar mahalliy do‘konlarda ham talabga ega bo‘lgan.

Lyudmila ham bugungi o‘zgarishlar orqali o‘zini taniganini yashirmaydi: – Ilgari qo‘rqardim… Hozir esa barcha ishlarni o‘zim qila olaman, – deydi u.
Shuningdek, internatda issiqxona faoliyati, tikuvchilik va sovundan dekorativ gul yasash kabi loyihalar ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular yashovchilarning ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Lyudmila shu bilan birga o‘qish-yozish va hisoblash ko‘nikmalarini ham qaytadan o‘zlashtirmoqda, bu esa uning mustaqil hayotga tayyorgarligini kuchaytirmoqda.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, psixologik qo‘llab-quvvatlash va mehnat terapiyasining uyg‘unligi insonni qayta tiklashda eng samarali yondashuv hisoblanadi.

Bugun Lyudmila o‘zini butunlay boshqacha inson sifatida his qilmoqda. Unda orzular bor, ishonch bor, hayotga bo‘lgan qiziqish qayta uyg‘ongan. – 36 yoshimga kirdim, endi o‘z shaxsiy hayotimni boshlashim kerak. Hozir orzularim bor, oldimga maqsadlar qo‘yganman, shu yo‘lda harakat qilyapman, – deydi Lyudmila.
Sirdaryo tumanidagi “Muruvvat” ayollar internat uyida olib borilayotgan ishlar faqat parvarishdan iborat emas. Bu — insonni hayotga qayta qaytarish, uning qalbida umid uyg‘otish va jamiyatga integratsiya qilish jarayonidir. Bu yerda har bir ayolga imkoniyat beriladi. Chunki har bir inson e’tiborga loyiq va har bir taqdir o‘zgarishi mumkin.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri