Mehnat qilgan rohatini ko‘radi
Andijon viloyatidagi chorvachilikka ixtisoslashgan 447 fermer xo‘jaligida 47 ming 200 bosh qoramol parvarishlanmoqda, 40 dan ortiq xo‘jalikda chorva naslchiligi yo‘lga qo‘yilgan.
Andijon viloyatidagi chorvachilikka ixtisoslashgan 447 fermer xo‘jaligida 47 ming 200 bosh qoramol parvarishlanmoqda, 40 dan ortiq xo‘jalikda chorva naslchiligi yo‘lga qo‘yilgan.O‘tgan yili viloyatda 140 ming tonna go‘sht, 893 ming tonna sut yetishtirildi. Chorvachilikni rivojlantirish yo‘lida sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etayotgan xo‘jaliklar safi yildan-yilga kengaymoqda. Oltinko‘l tumanidagi “Baxt imkon rivoj chorvasi” ko‘p tarmoqli naslchilik fermer xo‘jaligi shulardan biri.
Xo‘jalikda boqilayotgan 2 ming bosh zotdor qoramolning aksariyati sog‘in sigirlardir. 2006-yilda “Hamkorbank”ning moliyaviy ko‘magi bilan maxsus binolar va sog‘ish zali barpo etilib, Germaniyadan 300 bosh zotdor qoramol keltirilgan edi. Ularni belgilangan talab hamda me’yorlar asosida oziqlantirish va parvarishlashga alohida e’tibor qaratildi, zamonaviy ish usullari joriy etildi. Zotdor qoramollar naslini ko‘paytirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Izlanish, ish tizimli ravishda olib borilishi natijasida xo‘jalikning imkoniyati yildan-yilga kengaydi, Avstriya va Germaniyadan zotdor qoramollar keltirildi. Sut va go‘sht tayyorlash hajmi ortdi. 2016-yili xo‘jalikda 5 ming tonnadan ziyod sut, 30 tonnadan ortiq go‘sht yetishtirildi.
Xo‘jalikda har bosh sog‘in sigirdan kuniga 25-28 litr, echkidan 3-3,5 litr sut sog‘ib olinadi. Umuman, xo‘jalik Namangan shahridagi “Nestle”, Bo‘z tumanidagi “Rashk-milk” sutni qayta ishlash korxonalariga kuniga qariyib 20 tonna sut yetkazib beradi.
– Olingan foyda, avvalo, xo‘jalikni kengaytirish, ishchilarning moddiy manfaatdorligini oshirishga sarflanmoqda, – deydi xo‘jalik rahbari Faxriddin Ismoilov. – Bog‘dorchilik, baliqchilik, parrandachilik, quyonchilik, echkichilik yo‘nalishlarida ham istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, Ulug‘nor tumanidagi Do‘stlik massivida 30 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Xalq bankining viloyat bo‘limidan olingan 10 milliard so‘m va xo‘jalikning aylanma mablag‘i hisobidan buzoq parvarishiga mo‘ljallangan maxsus ferma tashkil etildi. Shuningdek, 200 gektar yerda yong‘oqzor barpo etilmoqda. Bu loyihalar 50 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Xo‘jalikda echkichilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Vitaminga boy, shifobaxsh echki suti yetishtirishni ko‘paytirish aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan birga, katta daromad ham keltiradi. Ayni paytda germaniyalik fermerlar bilan 2 ming bosh echki xarid qilish bo‘yicha shartnoma mavjud. Hozirga qadar 300 bosh echki keltirildi, yil oxiriga qadar qolganlari ham keltiriladi.
Xo‘jalikda mehnat qilayotgan 120 dan ortiq kishining samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ishchi-xizmatchilarning aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardir.
– O‘tgan yili Marhamat agrosanoat kasb-hunar kollejini tamomlab, shu yerda ish boshladim, – deydi Yahyobek Ro‘ziyev. – Ishlab chiqarish amaliyotini ham shu xo‘jalikda o‘taganman, tajribali chorvadorlardan sohaga oid ko‘p narsa o‘rgandim.
Xo‘jalik rahbari Faxriddin Ismoilov izlanuvchan va tajribali fermer sifatida qator xorijiy davlatlarda bo‘lib, sohani yanada rivojlantirish, mollar naslini yaxshilash, mahsuldorligini oshirish borasidagi ilg‘or tajribalarni o‘z faoliyatiga tatbiq etmoqda. Uning sa’y-harakati bilan Germaniya, Avstriya davlatlaridan sigir sog‘ishga mo‘ljallangan ilg‘or texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. Komputerlashtirilgan maxsus sog‘ish zali, shuningdek, 60 dan ortiq texnika vositalari, turli rusumdagi traktorlar ish unumdorligini bir necha barobar oshirmoqda.
Sigirlar sog‘ish zaliga kiritilishidan avval cho‘miltiriladi, shundan keyingina sog‘iladi. Mazkur ilg‘or texnologiya atigi 7 minutda 20 sigirni sog‘ib olish imkonini beradi. Xo‘jalik joriy yilda 6 ming 500 tonna sut, 50 tonna go‘sht yetishtirishni rejalashtirgan. Italiyadan sutni qayta ishlash, go‘shtni qadoqlashga mo‘ljallangan texnologiyalar keltirish bo‘yicha imzolangan shartnomaga ko‘ra, joriy yil oxirida go‘sht maxsus qadoqlangan holda savdo shoxobchalariga chiqariladi.
Mamlakatimizda tashabbuskor ishbilarmonlarning mehnati keng e’tirof etilmoqda. “Baxt imkon rivoj chorvasi” ko‘p tarmoqli naslchilik fermer xo‘jaligi rahbari Faxriddin Ismoilovning mehnatlari ham munosib taqdirlandi, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida eng yaxshi fermer, deb topildi.
– Prezidentimiz rahnamoligida fermerlik harakatini rivojlantirish, uni qishloqda yetakchi kuchga aylantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor bizni yangi marralar sari ruhlantirmoqda, – deydi Faxriddin Ismoilov. – Ayniqsa, “Tashabbus – 2017” tanlovida g‘oliblikka erishganim ulkan sharaf bo‘lish bilan birga, zimmamdagi mas’uliyatni yanada oshirishini yaxshi anglayman. O‘zbekistonda mehnat qilgan albatta rohatini ko‘radi. Yurtimizda men kabi fermerlar ko‘p. Kamtarona mehnatlarim munosib e’tirof etilganidan faxrlanaman.