Mehnat muhofazasi – muhim masala
"Sariosiyotumangaz" gaz ta’minoti bo‘limida 28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan o‘quv amaliy-seminar o‘tkazildi.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialining mehnat muhofazasi, sanoat xavfsizligi, favqulodda holatlarning oldini olish va ishlab chiqarish nazorati bo‘limi mas’ul xodimlari, mehnat jamoalarida mehnat muhofazasi bo‘yicha saylangan vakillar ishtirok etgan seminarda ish joyida jarohatlanish holatlari va kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat muhofazasi masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazib kelinayotgani ta’kidlandi. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish uchun mehnat muhofazasi tartib-qoidalariga amal qilish tizimli tartibda tashkil etilayotgan tadbirlar orqali baholab borilayotgani qayd etildi.

Dunyoda yigirma yildan buyon Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan 28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni sifatida nishonlanmoqda. Keyingi yillarda Surxondaryo viloyatida ham soha xodimlarining mehnat muhofazasini ta’minlash va ishchi-xodimlarning mavjud tartib-taomillarga rioya etishiga alohida e’tibor qaratilayotir. Jumladan, “Jarqo‘rg‘ontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi binosida o‘quv-amaliyot maydonchasi tashkil etilgan. Barcha qulayliklarga ega maydoncha Termiz shahri va tumanlarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasiga oid ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda yangidan ishga qabul qilinayotgan xodimlarning bilimlarini oshirishga xizmat qilmoqda. Mehnat muhofazasi, sanoat xavfsizligi, favqulodda holatlarning oldini olish va ishlab chiqarish nazorati bo‘limi xodimlari belgilangan reja asosida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etmoqda.

– Seminarda viloyatda mavjud 9 ta gaz to‘ldirish inshootida amalga oshirilayotgan ishlar hamda xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar atroflicha tahlil qilindi, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali boshlang‘ich kasaba uyushma raisi A.Qobilov. – Favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda ob’ekt rahbarlari va ishchi-xodimlarning to‘g‘ri harakat qilishini muvofiqlashtirish, hududdagi ishchi xodimlarni xavfsiz hududga ko‘chirish va jabrlanganlarni tezkorlik bilan qutqarish ishlarini tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi. Jabrlanganlarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish, moddiy boyliklarni asrash bo‘yicha ob’ekt rahbariyati, ishchi-xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga bag‘ishlangan maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari samarasi haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, mehnat muhofazasi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, o‘qitish, bilimlarini sinash tartiblari yuzasidan yangi qabul qilinayotgan hujjatlarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushunchalar berildi. Mehnat muhofazasi sohasidagi ishlarni namunali yo‘lga qo‘ygan tuman va shahar bo‘limi xodimlari munosib rag‘batlantirildi. O‘quv amaliy-seminarda xodimlar uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoat nazoratini o‘rnatishni takomillashtirishga qaratilgan ishlar tahlil qilindi.

Ishtirokchilar mehnat muhofazasini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlar, xodimlar uchun tayyorlanayotgan maxsus kiyim bosh, shaxsiy himoya vositalari namunalari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Uzun gaz to‘ldirish inshootida iste’molchilarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi, o‘zaro tajriba almashildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri