Mehnat migrantlari bilan muloqot o‘tkazildi
Buxoro viloyati hokimligi tashabbusi bilan Rossiya Federatsiyasining Krasnodar, Vladimir, Murmansk viloyatlarida mehnat qilayotgan buxorolik yuz nafardan ortiq yurtdoshlarimiz bilan onlayn muloqot tashkil qilindi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda mehnat migrantlarini chet elga ketishdan oldin til va kasbga tayyorlash, ularning yashash va ish sharoitlarini yaxshilash masalalari bo‘yicha ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.

Uchrashuvda mehnat migrantlari murojaatlari tinglanib, muammolarini tegishli tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda hal qilish choralarini ko‘rish hamda natijasi bo‘yicha fuqarolarga axborot berish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Rossiyadagi o‘zbek diasporasi vakillari bilan mehnat migratsiyasi va madaniyat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
O‘zA