Mehmon dugonasining tilla taqinchoqlarini oʻmardi
Koʻngilsiz bu holatdan turli shubhayu-gumonlarga borgan Nilufar voqea haqida tuman ichki ishlar boʻlimiga murojaat etib, nomaʼlum shaxs tilla buyumlarini oʻgʻirlab ketganini xabar beradi.
Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi Nurli diyor mahallasida yashovchi Nilufar Tosheva (ism-shariflar oʻzgartirildi)ning uydagi garnituri ichidan kutilmaganda qiymati 8 million soʻmlik tilla taqinchoqlari gʻoyib boʻladi.
Koʻngilsiz bu holatdan turli shubhayu-gumonlarga borgan Nilufar voqea haqida tuman ichki ishlar boʻlimiga murojaat etib, nomaʼlum shaxs tilla buyumlarini oʻgʻirlab ketganini xabar beradi.
Tezkor harakatlar natijasida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan tilla oʻgʻrisi N.Toshevaning Angor tumanidagi Novshahar mahallasida yashaydigan 19 yoshdagi dugonasi Nazokat Ochilova boʻlib chiqdi.
Surishtiruv xulosasiga koʻra, dugonasini soʻroqlab, qoʻshni tumandan mehmonga kelgan Nazokat shu kuni xonadon egalarining koʻzini shamgʻalat qilib, Nilufarning bir juft tilla sirgʻasi, ikki dona tilla uzugi va bir dona ayollar tilla zanjirini sezdirmasdan olib ketgan ekan.
Jarqoʻrgʻon tumani Istiqlol mahallasida yashaydigan 35 yoshdagi Gulruxsor Tojiyeva ham uyidagi seyfidan 22 million soʻmlik tilla taqinchoqlarini yoʻqotib qoʻydi. Bu haqda tuman ichki ishlar idorasiga ariza bilan murojaat etgach, oradan uch kun oʻtib, oʻgʻri ushlandi. Qorayontoq mahallasilik 20 yoshli Sirojiddin Suhrobov oʻmarilgan tilla taqinchoqlar bilan qoʻlga tushdi.
Ayni paytda har ikki holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.