MDH shifokorlari yashil maydonda kuch sinashadi
Poytaxtimiz shu yil 25-30 mart kunlari MDHga aʼzo mamlakatlar shifokorlarining futbol jamoalari oʻrtasida oʻtadigan “Doctors Community Cup – Tashkent-2019” xalqaro turniriga mezbonlik qiladi.
Poytaxtimiz shu yil 25-30 mart kunlari MDHga aʼzo mamlakatlar shifokorlarining futbol jamoalari oʻrtasida oʻtadigan “Doctors Community Cup – Tashkent-2019” xalqaro turniriga mezbonlik qiladi.
Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda mamlakatimiz Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan tashkil etilayotgan musobaqa oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unda Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Bahodir Nizomov, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Farhod Xanafayev, mamlakatimiz shifokorlar terma jamoasi bosh murabbiyi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi Ahmadjon Musayev va jamoa aʼzolari hamda OAV xodimlari qatnashdi.
Musobaqa reglamentiga asosan oʻyinlarda 25 yoshdan katta boʻlgan, mutaxassisligi va fuqaroligidan qatʼiy nazar, shifokorlik diplomiga ega boʻlgan xodimlar ishtirok etadi. Xalqaro turnirda Oʻzbekiston terma jamoasidan tashqari Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Belarus, Ukraina terma jamoalari oʻzaro bahslashadi.
Rossiya jamoasi 40 va undan katta yoshdagi shifokorlar bilan yurtimizga tashrif buyuradi. Shu sababli ham mazkur yosh toifasida ”Oʻzbekiston – 2” terma jamoasi ham shakllantirildi. Shu tariqa nufuzli musobaqada jami 8 ta jamoa qatnashadi.
Turnirga Fransiyada joylashgan Jahon sogʻliqni saqlash xodimlari Olimpiya oʻyinlari assotsiatsiyasi vakili Giyom Gassend ham taklif etildi.
Mamlakatimiz shifokorlaridan iborat futbol jamoasi bir necha yildan beri mazkur soha vakillari oʻrtasida oʻtkazilayotgan jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. 2018 yildan boshlab terma jamoamizga Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi homiylik qilmoqda.
“Doctors Community Cup – Tashkent – 2019” xalqaro turnirida munosib ishtirok etish uchun terma jamoaning tarkibi qayta shakllantirildi. Munosib nomzodlarni saralash maqsadida mamlakatimizning turli hududlarida oʻtgan toʻrt bosqichli musobaqa va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida 300 nafarga yaqin shifokor orasidan 26 nafar eng kuchli havaskor futbolchi jamoaning asosiy tarkibidan joy oldi.
Musobaqaning tantanali ochilish va qurʼa tashlash marosimi 25 mart kuni boʻlib oʻtadi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Belarus va Ukraina jamoalari 2ta guruhga boʻlingan holda oʻzaro raqobatlashadi. Guruh bosqich oʻyinlari soat 11.00 va 14.00da poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida, yarim final va final oʻyinlari esa “JAR” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida oʻtkaziladi. Rossiya va ”Oʻzbekiston – 2” terma jamoalari esa guruh bahslarida ishtirok etmaydi.
29 mart kuni guruh bosqich oʻyinlari oʻtkazilsa, 30 mart kuni musobaqaning gʻolib va sovrindorlari aniqlanadi. Turnirning tantanali yopilish marosimi soat 17.00 da oʻtkaziladi.
Tadbir doirasida futbol oʻyinlaridan tashqari, “Tibbiyot va sportda innovatsiyalar” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar oʻtkazilishi va unda tibbiyotning dolzarb masalalari boʻyicha shifokorlarning oʻzaro axborot va fikr almashinuvi, shuningdek, ishtirokchi jamoalar aʼzolarining Samarqand shahriga bir kunlik sayohatini tashkil qilish orqali ularga yurtimizning turistik salohiyati va imkoniyatlarini keng namoyish etish ham rejalashtirilgan.