Maykl Veber: Markaziy bank inflyatsion kutilmalarni o‘rganishda yuqori natijalarga erishmoqda
Bugun Markaziy bankda “Inflyatsion kutilmalarni baholash va boshqarish: so‘rov metodologiyasi, empirik natijalar va markaziy banklar uchun xulosalar” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Markaziy bank xodimlari, Tadqiqot kengashi a’zolari, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir davomida inflyatsion kutilmalarni baholash usullari, so‘rovlarni tashkil etish va ularning natijalarini tahlil qilish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, olingan empirik natijalarni talqin qilish hamda ulardan pul-kredit siyosatida foydalanishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Seminarda Purdue University Mitch Daniels School of Business moliya professori Maykl Veber ma’ruza qilib, inflyatsion kutilmalarni baholash va boshqarish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlari hamda xalqaro tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Ta’kidlash joizki, professor Veberning ilmiy faoliyati makroiqtisodiyot, aktivlar narxlari, xalqaro va uy xo‘jaliklari moliyasi, shuningdek, inflyatsion kutilmalarni o‘rganishga qaratilgan. U inflyatsion kutilmalarning shakllanishi, ularning iqtisodiy qarorlarga ta’siri va pul-kredit siyosati samaradorligi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha xalqaro miqyosda tan olingan tadqiqotchilardan biri hisoblanadi.
Professor Maykl Veberning qayd etishicha, xalqaro mezonlarga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki aholi, korxonalar va moliya bozori ishtirokchilarining inflyatsion kutilmalarini o‘rganish borasida yuqori natijalarga erishgan.
– Bir yildan ortiq vaqt davomida Markaziy bank bilan hamkorlik qilib, so‘rovnoma dizayni, savollarning ifodalanishi va so‘rovlarni o‘tkazish metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Bergan tavsiyalarimning katta qismi amaliyotga joriy etilgan va kelgusida ham ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettiramiz.
O‘zbekistonda so‘rovlar 3 000-5 000 nafar respondentni qamrab olayotgani aholi sonini inobatga olganda salmoqli ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu bilan birga, aholining turli qatlamlarini yanada kengroq qamrab olish maqsadida so‘rovlarni o‘tkazish usullarini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, onlayn so‘rovlar bilan bir qatorda yuzma-yuz so‘rovlarni o‘tkazish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Bu so‘rov natijalarining aholi tarkibini imkon qadar to‘liq va xolis aks ettirishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Inflyatsion kutilmalarni o‘rganish Markaziy bank uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki aholi va bozor ishtirokchilarining inflyatsiya bo‘yicha kutilmalari iqtisodiy qarorlarga, xususan, iste’mol va yalpi talabga ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli, inflyatsion kutilmalarni muntazam kuzatib borish pul-kredit siyosatining samaradorligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi, – dedi M.Veber.
Markaziy bankning Pul-kredit siyosati departamenti bo‘limi boshlig‘i Hasanjon Dodoyevning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank har oy aholi, tadbirkorlar va moliya sohasi ekspertlari o‘rtasida inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazmoqda. Ularda o‘rtacha 5 000 nafar respondent ishtirok etmoqda.
–Bugungi seminar ishtirokchilar uchun inflyatsion kutilmalarni o‘rganish va boshqarish bo‘yicha xalqaro tajriba bilan tanishish, so‘rovlar metodologiyasini takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or yondashuvlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha muhim tajriba bo‘ldi.
Ayni paytda professor Maykl Veber bilan hamkorlikda, uning tavsiyalari va xalqaro tajribasi asosida inflyatsion kutilmalarni pasaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bunda inflyatsion targetlashga o‘tgan va unga o‘tish davrida bo‘lgan mamlakatlar tajribasi ham o‘rganiladi.
Inflyatsion kutilmalarni jilovlash Markaziy bank uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki inflyatsion targetlash rejimida bozor ishtirokchilarining inflyatsiya bo‘yicha kutilmalarini barqarorlashtirish asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Professor Maykl Veber inflyatsion kutilmalar bo‘yicha xalqaro ekspert bo‘lib, turli mamlakatlar markaziy banklariga ushbu yo‘nalishda tavsiyalar berib kelgan. U bilan hamkorlik doirasida inflyatsion kutilmalarni hisoblash va o‘rganish metodologiyasi ham ishlab chiqilmoqda. Uni yil yakuniga qadar jamoatchilikka taqdim etish rejalashtirilgan, – dedi H.Dodoyev.
Seminar yakunida inflyatsion kutilmalarni baholash va boshqarish metodologiyasini takomillashtirish, xalqaro tajribani O‘zbekiston amaliyotiga tatbiq etish hamda olingan natijalardan pul-kredit siyosati samaradorligini oshirishda foydalanish bo‘yicha fikr almashildi.
Seminar doirasida xalqaro ekspert Maykl Veber jurnalistlar bilan suhbatlashib, ularning savollariga javob berdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA