Maxsus daftarda turganlar bugun ish beruvchiga aylandilar
Uch farzandning onasi Irodaxon Yunusova Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanining "Beruniy" mahallasida yashaydi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan Irodaxon tikuvchilikdan yaxshigina boxabar edi.
Tijorat bankidan ajratilgan 25 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga 5 ta zamonaviy tikuv mashinasi xarid qiladi. Shu tariqa o‘z yumushini yengillatib, asta-sekin daromadini ko‘paytira boshlaydi. Yoniga yana 5 nafar ishsiz mahalladosh qizlarni ham olib, bugun chaqaloqlardan tortib yoshi katta ayolu-erkaklar kiyimlarini tikmoqda.
Hozirda u maxsus daftar ro‘yxatidan chiqqan. Bozori xaridorgir sifatli kiyim-kechaklarini Andijonu, Namangan, hatto Xorazmgacha yetkazib bermoqda.

-Barchasi astoydil qunt va halol mehnatga bog‘liq. Shukr, olayotgan daromadimiz yomon emas. Kuzda kamzul va kurtkalar tikishga o‘tamiz. Keyinchalik esa tikuv sexi ochish niyatidamiz, - deydi tikuvchi.
Nargizaxon Ergasheva ham mahallaning Turkiston ko‘chasida istiqomat qiladi. Ikki oy oldin “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga turgan bu ayol bugun uddaburon ishboshi. Bichish-tikishning hadisini 12 yil avval olgan yosh tikuvchi “Agrobank”ning imtiyozli krediti asosida 7 ta tikuv mashinasiga ega bo‘ldi.
Oilasining o‘zida 5 kishi shu ish bilan band, mahalladoshlaridan esa 9 nafar ayol-qizlarni o‘z yoniga olgan. Ayollar va yosh qizchalarga tikayotgan ko‘ylaklariga buyurtmalar ko‘p.

-Onam boshchiligida uyda shogirdlarim bilan kiyimlarni tayyor holatga keltiramiz, dadam esa Qo‘qon bozorida ularni sotishga yordamlashadilar. Yurtimizning ko‘plab viloyatlariga yetib boradi mahsulotlarimiz, lekin asosiy buyurtmachilarimiz qo‘shni Qirg‘izistoning O‘sh va Bishkek shaharlari hamda Qozog‘iston davlatidan, - deydi Nargizaxon.
Ukasi Xudoyorxon ham ish yuritishda asosiy ko‘makchi, hattoki u ham har qanday matoni yaxshigina tika oladi.
Ta’kidlashicha, xonadonda bir kunda 1 ta tikuvchi 20 tagacha kuylak tika olar ekan. Ayollar ko‘ylaklarining bozordagi o‘rtacha narxi 70-80 ming so‘mni tashkil etadi. Qo‘li kelib qolgan 6 ta shogirdiga 600 ming so‘mdan ish haqqi ham beradi.
Bugun o‘z ishini puxta yo‘lga qo‘yib olgan Nargizaxon maxsus daftar ro‘yxatidan chiqqan. Mehnati orqali oilasi va mahalladoshlariga nafi tegayotganidan mamnun.
M. Sulaymonov, O‘zA