Mavsumga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilgan
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Garden Buxoro Agroklaster” MCHJda g‘alla o‘rimini uyushqoqlik bilan tashkil etishda transport vositalari shayligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminar tashkil qilindi.
Mavsumda bor kuch va imkoniyat bobo-dehqon, mirishkor fermer xo‘jaliklar tomonidan yetishtirilgan bug‘doy hosilini nobud qilmasdan, tez va sifatli yig‘ib olishga qaratilgan tadbirda viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Amrillo Nazarov, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Shukrullo Ayubov, shuningdek, tumanlar hokimlari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligiga daxldor agroklasterlar, ta’minotchi, xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlar mas’ul-mutasaddilari ishtirok etdi.

Joriy yil hosili uchun viloyat miqyosida jami 3 ming 70 ta fermer xo‘jaligining 65 ming gektardan iborat g‘alla maydonida bug‘doyning serhosil navlari ekilib, yalpi g‘alla xirmonini 520 ming tonnadan oshirish maqsad qilingan. Mirishkor g‘allakorlar peshona teri evaziga bu yil har gektar hosildorligini 80 sentnerga yetkazish harakatiga kirishgan. Shuningdek, joriy mavsumda 15 ming 700 tonna urug‘lik don ham jamg‘arish belgilangan.
Ayni kunda viloyatda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilgan g‘alla o‘rim-yig‘im tadbiriga jadal kirishish va bu mavsumni yuqori sur’atda yakunlash uchun jami 182 ta yuqori unumli kombayn agregati jalb qilinmoqda. Mazkur agregatlarning 134 tasi “SASE” 42 tasi “KLASS” va o‘nga yaqini “VEKTOR” hamda “DOMINATOR” kombaynlaridir. O‘rim-yig‘im davrida har bir kombaynga 5 tadan don tashish transport vositasi biriktirilayotgani qo‘shilsa, g‘alla maydonlarida iyun oyi dastlabki haftasidan kirishiladigan qizg‘in mavsumda mingdan ortiq texnika vositasi kuchidan foydalaniladi.

Shu bilan birga, o‘rimda qatnashadigan kombaynlar brigadalaridan tashkil topgan 182 ta o‘rim otryadi tuzilgan bo‘lib, ularga yoqilg‘i tashish, mobil texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, shuningdek, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar xizmatlaridan vakillar biriktirilmoqda.
Seminarda o‘rim-yig‘imga tushadigan yuqori unumdor qishloq xo‘jaligi texnika vositalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.