Mavritaniya baliqlari yo‘qolib boryapti (+video)
Mavritaniyada va butun Shimoli-g‘arbiy Afrikada baliq – aholi uchun zarur hayotiy manba hisoblanadi. Afsuski, bugungi kunda bu tabiiy boylik tahdid ostida qolmoqda.
Mavritaniyaliklar baliqlarini qanday asrab qoladi va bu ishda Yevropa qanday yordam berishi mumkin?
Nuadibu bandargohida minglab kichik qayiq ov mavsumiga taxt qilib qo‘yilgan. Mamlakat shimolidagi bu shahar Atlantika okeanining baliq eng ko‘p hududida joylashgan. Qayiqda ishlash og‘ir va juda xavfli, ammo mahalliy va qo‘shni mamlakatlardan kelgan baliqchilarning tirikchiligi shundan.
– Tez orada mavsum boshlanadi va minglab qayiq okean ichkarisiga yo‘l oladi, – deydi “Yevronyus” muxbiri Denis Loktev. – Baliqchilar oilasi, yaqinlarini boqish uchun hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, ovga jo‘naydi. Mintaqada aynan shu suv jonivori millionlab odamlarni oziq-ovqat, ish bilan ta’minlaydi. Binobarin, bugungi kunda okean tabiiy resurslari xavf ostida qolayotir.
Bu joylarda baliq va dengiz mahsulotlari har-xil turda ovlanadi. Masalan, sardinella kabi noyob tur qirg‘oqda yashovchilarning oqsilga talabini qondiradi. Baliqchilar aytishicha, ilgari baliqni topish va ovlash ancha oson edi. Hozir esa yetarli darajada ulush olish uchun qirg‘oqdan ancha uzoqqa borish kerak.
– Endi nima bo‘lar ekan, deb qo‘rqyapmiz, chunki dengizda hech narsa qolmagan, – deydi 13 yoshidan beri ovchilik qiladigan Muso Tev. – Baliq topish juda qiyin kechyapti. Dengiz aynigan: ov kemasi ham, yirik kemalar ham juda ko‘paygan. Iqlim o‘zgarib, jonivorlar yo‘qolib boryapti. Yonilg‘i sarfi yuqori, foyda esa shunga yarasha emas.
Mavritaniya Okeanografiya tadqiqoti va baliqchilik instituti olimlari har kungi ovni tahlil qilishadi. Izlanish ko‘rsatadiki, mayda va noyob baliqlarning ayrim turlari keragidan ortiq ovlanmoqda. Tezroq chora ko‘rilmasa, bu turlar butunlay yo‘qolib ketishi mumkin. Milliy baliqchilik federatsiyasi rahbari Muhammad Fodilning xavotiri ham asosli:
– Ozaqa manbaimizni yo‘qotishdan xavotirdamiz. Agar baliq qolmasa, bu biz uchun katta falokat, degani.
Asosiy muammolardan biri – iqlim o‘zgarishi. Baliqchilar, ekologiya faollari yana bir sababga ishora qilmoqda. Ya’ni, yirik sanoat kemalari xorijga yetkazib berish uchun katta miqdorda baliq tutmoqda.
– Sanoat kemalari ertalab soat 8 da portni tark etib, tushdan keyin 500 tonna baliq bilan qaytishi mumkin. Bu, albatta, keragidan ortiq ov. Aslida muammoning ildizi boshqa joyda: hozir qayta ishlovchi kompaniyalar ko‘paygan. Ularning zavodlariga imkon darajasida ko‘proq xom ashyo yetkazib berish kerak.
To‘g‘ri, ayrim korxonalar yopilgan, ba’zilari modernizatsiya qilinyapti. 25 yildan beri faoliyat yuritayotgan “Mavritaniya Pelajik” kompaniyasi aholining shu tashvishiga sherikligi, ekologik toza mahsulot ishlab chiqarishga intilayotganini aytadi. Bu kompaniya baliq uni va yog‘ini chiqindidan tayyorlaydi. Iste’mol qilinadigan qismini muzlatib, xaridorlarga sotadi. Fabrika direktori aytishicha, hamma raqobatchilar ham bu qoidaga amal qilishmayapti.
Mayda, ya’ni iste’molga hali yaroqsiz baliqni ovlash taqiqlangan. Afsuski, aksar ovchilar bunga amal qilmaydi.
– Okeanni o‘z holida saqlash uchun qachon va qayerda qanday baliq tutish mumkin, qaysini muzlatish kerakligi bo‘yicha aniq ko‘rsatma kerak, – deydi tadqiqotchi Muhammad Ahmad-Jayid. – Bunday qoida boshqaruv rejasi deyiladi. Hech bir davlat bu mintaqaviy muammoni yolg‘iz o‘zi hal qila olmaydi. Shu bois Mavritaniya Yevropa Ittifoqi ko‘magida noyob turlarni saqlash va ko‘paytirish rejasini ishlab chiqdi. Hozir qo‘shni davlatlar bilan birga harakat qilyapmiz. Bu Mavritaniya va YeI 2021 yildagi muzokaradan so‘ng erishgan “Barqaror baliqchilik bo‘yicha hamkorlik shartnomasi”ning bir qismidir. O‘sha muloqotda mamlakat delegatsiyasiga boshchilik qilgan Baliqchilik va dengiz xo‘jaligi vazirligi Bosh kotibi Sidi Ali Sidi Bubakar shunday deydi:
– Muzokara natijasida barcha tavsiyalar, jumladan noyob mayda turlarni saqlab qolish ko‘rsatmasini ham hisobga oldik. Menimcha, bu usul samara bera boshladi.
Yevropa Ittifoqining Mavritaniyadagi missiyasi rahbari Xoakin Tasso Vilayonga tadqiqot institutining yangi bosh qarorgohiga tashrif buyurdi. Elchi navbatdagi kelishuv o‘zaro manfaatli ekanini ta’kidlaydi. YeI ushbu davlat baliqchilik sanoatini rivojlantirish uchun yiliga 57 million yevro ajratadi. Buning evaziga ko‘hna qit’a kemalari Mavritaniya suvida baliq ovlashi mumkin.
YeI moliyaviy yordamida sohani modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Bu jarayonga, hatto, baliq bozorlarini qayta ko‘rib chiqish ham kiritilgan. Masalan, poytaxtda 200 gektar maydonni egallagan Nuakshota baliq bozorida yangi baliq va turli dengiz mahsulotlari sotiladi. Mahsulotlar poytaxt va qirg‘oq atrofidagi oilalar uchun muhim oziq-ovqat manbai hisoblanadi. Afsuski, majmuada tegishli infratuzilma yaratilmagan. Dengiz mahsulotlarini tushirish qiyin, chunki zarur va mos texnika yo‘q. Bu baliq narxiga ta’sir qilmoqda.
– Shuningdek, sotuvchi va xaridor uchun shart-sharoitni ham yaxshilash kerak, – deydi bozor direktori. – Har kuni 20 000-30 000 odam keladi: xavfsizlik, gigiyena va sifat bilan bog‘liq jiddiy muammolar kelib chiqyapti. Yevropa puliga qurilgan yangi tez tibbiy yordam punkti ba’zan yuzaga keladigan shoshilinch tibbiy muammolarni hal qilishda bizga yordam beradi. Baliqchilik Mavritaniya eksportining uchdan biri, davlat umumiy daromadining to‘rtdan birini tashkil qiladi. Sohada 300 000 dan ko‘p odam ishlaydi. Ayni yo‘nalish – iqtisodiyotimiz asosi. Umuman, Yevropa bilan hamkorlikdan aniq maqsad ko‘zlangan. Baliq eksportidan yurtga pul kelsa-da, mahalliy aholi iste’moli uchun arzon baliq ham yetarli bo‘lishi kerak. Maqsad – baliqchilikni hamma uchun barqaror saqlash. Mentalitetni ham o‘zgartirishimiz kerak, deb o‘ylayman. Faqat bugungi kunimizni emas, kelajak haqida ham o‘ylashimiz kerak.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/E4LF0b4J-QY" title="Mavritaniya baliqlari yo‘qolib boryapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov,
O‘zA sharhlovchisi