Mavjud qarzdorliklar undirilmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar avvalo inson manfaati, qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan.
Sud-huquq islohotlari ham qonun ustuvorligini ta’minlash orqali fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilishni maqsad qilgan.
Hech kimga sir emas, jamiyatda adolatning qaror topishi ko‘p jihatdan sud qarori ijrosining ta’minlanishiga bog‘liq.
Bu borada Majburiy ijro byurosi Uchquduq tuman bo‘limi tomonidan ham bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Byuro tomonidan joriy yilning o‘tgan 6 oyida jami 37,2 milliard so‘mlik 6 mingdan ortiq hujjatlar bo‘yicha ijro harakatlari olib borildi. Ulardan 3,5 mingga yaqin ijro hujjatlari bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinib, 2 ming 638 ta ijro ishi bo‘yicha mablag‘lar undirildi.
Jumladan, davlat foydasiga 4,9 milliard so‘m, yuridik shaxslarga 1,6 milliard so‘m va jismoniy shaxslarga 3,3 milliard so‘m pul mablag‘lari undirib berilgan bo‘lsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalariga 718,1 million so‘m mablag‘ o‘tkazildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va sohaga doir boshqa qonun hujjatlari asosida tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, IIB, soliq organlari, bank, kommunal tashkilotlar xodimlari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini a’zolari ishtirokida ish yurituvida qoldiqda bo‘lgan 14,7 milliard so‘mlik 1683 ta ijro hujjatlari ijrosi mahallalar kesimida tahlil qilinib, qarzdorliklarni undirish bo‘yicha dolzarb 3 kunlik undiruv tadbirlari tashkillashtirildi.
Olib borilgan tadbirlar davomida 65 ta vakolatli organ, 15 ta soliq organlari va 25 ta bank hamda 12 ta kommunal tashkilotlar foydasiga ijro hujjatlari ijrosi ta’minlandi.
Ushbu tadbirlar davomida 7 nafar qarzdorning transport vositalari va 1 nafar qarzdorning ko‘chmas mulklari xatlanib, qarzdorlikni undirish chorasi ko‘rilmoqda.
Ishchi guruhi tomonidan qarzdorligi yuqori bo‘lgan 6 nafar aliment to‘lovchi oilalar o‘zaro yarashtirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri