Mavjud kanal rekonstruksiya qilinib, yana bir kanal bunyod etildi
Mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonasi mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan shu kunlarda Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida qishloq xo‘jaligi uchun muhim bo‘lgan yana bir ezgu ish amalga oshirildi. Suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan ikki yirik loyiha natijasida minglab gektar ekin maydonlariga obihayot yetkazib berish imkoniyati kengaydi.
Tumandagi “K-25-15” kanalining 9,7 kilometrlik qismi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, “Arnasoy” mashina kanalidan PR-8 kanaliga qo‘shimcha suv yetkazib berish maqsadida 2,5 kilometr uzunlikda yangi kanal barpo etildi.
Zero, Mirzacho‘lda suv — shunchaki ne’mat emas, balki yerning rizqqa aylanishi, dehqon mehnatining samara topishi, xonadonlarga baraka kirib borishining bosh omilidir. Shu ma’noda, yangi va rekonstruksiya qilingan suv tarmoqlari qishloq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.


“K-25-15” kanalining yangilangan qismi orqali 1 ming 200 gektar yer maydonining suv ta’minoti yaxshilanadi. Ilgari suv tanqisligi tufayli qiyinchiliklar kuzatilgan 800 gektar maydonni qayta foydalanishga kiritish, yana 400 gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash imkoniyati yaratildi.
Yangi qurilgan tarmoq esa “PR-8” kanaliga qo‘shimcha suv olib kelish imkonini berdi. Natijada Yangi dala va Turkiston hududlaridagi jami 5 ming 134 gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining suv ta’minotini barqarorlashtirish uchun kengroq imkoniyat paydo bo‘ldi.
Bu raqamlar ortida esa oddiy statistika emas, balki dalalarning ertangi hosili, dehqonning umidi va yuzlab xo‘jaliklarning mehnati mujassam. Suvning o‘z vaqtida va me’yorda yetkazilishi ekinlarni parvarishlash, yer unumdorligidan samarali foydalanish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.


Yangilangan “K-25-15” kanali nafaqat Mirzacho‘l tumani uchun, balki chegaradosh hududlar uchun ham ahamiyatli. Mazkur inshoot orqali Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyatiga suv yetkazib berish jarayonida ham muhim vazifa bajariladi. Bu esa suv resurslaridan oqilona va kelishilgan holda foydalanish borasida ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yana bir yorqin ifodasidir.


Kanallar rekonstruksiyasi va yangi tarmoq barpo etilishi suv xo‘jaligi infratuzilmasini zamon talablari asosida takomillashtirish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda hududda suv taqsimotini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Ob’ektlarni foydalanishga topshirish marosimlarida Qozog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligining Turkiston viloyati “Kazvodxoz” filiali direktori Merlan Kerimjanov, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Jahongir Abdurazzoqov, Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Turdiboyev, Mirzacho‘l tumani hokimi Botirjon Mirzaqulov, soha tashkilotlari vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.


Tadbirlarda suv resurslaridan oqilona foydalanish, irrigatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, suv isrofini kamaytirish va chegaradosh hududlarda suvdan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, suvni asrash va uning har bir tomchisidan unumli foydalanish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Loyiha “Jizzaxqurilishinvest” davlat muassasasi buyurtmachiligida, “Imkon-Loyiha” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha asosida “UchtepamaxsusSUVpudrat” MCHJ tomonidan amalga oshirildi.
Ramziy lentalar kesilib, yangi va rekonstruksiya qilingan kanallarga suv ochilgan pallada Mirzacho‘l dalalarida yana bir yangi umid uyg‘ongandek bo‘ldi.

Mirzacho‘lda amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar istiqlol yillarida yaratilgan imkoniyatlarning amaliy samarasini ko‘rsatadi. Obod va farovon hayot, qishloq xo‘jaligining barqaror rivoji, xalq dasturxonining to‘kinligi yo‘lidagi har bir bunyodkorlik ishi esa yurt taraqqiyotining yangi manzillarini belgilaydi.
Mirzacho‘l dalalariga kirib borayotgan obihayot — bu nafaqat suv, balki ertangi hosil, farovon xonadonlar va barakali mehnat timsolidir. Istiqlolning 35 yillik tantanalari arafasida yangilangan kanallar bag‘rida jo‘sh urayotgan suv esa tinchlik, hamjihatlik va bunyodkorlik yo‘lidagi ezgu ishlar davom etayotganidan darak beradi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri