Matonat maydonidagi g‘alaba
Jizzaxda o‘smirlar o‘rtasida golbol bo‘yicha mamlakat chempionati nafaqat g‘oliblarni aniqladi, balki iroda, jasorat va imkoniyatlar chegara bilmasligini yana bir bor namoyon etdi. Bir necha kun davom etgan bahslarda yosh sportchilarning matonati va mahorati tomoshabinlar e’tiborini tortdi.
Jizzax viloyati so‘nggi yillarda paralimpiya sportini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari bilan alohida e’tibor qozonmoqda. Bu borada navbatdagi muhim sport tadbirlaridan biri — golbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qildi.

Viloyatdagi Sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashgan sport maktabida tashkil etilgan mamlakat chempionatiga respublikaning turli hududlaridan 12 dan ortiq jamoa jam bo‘ldi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi ko‘tarinki kayfiyat va haqiqiy sport bayrami ruhida o‘tdi.

Bellashuvlar davomida har bir uchrashuv kuchli raqobat, yuqori sur’at va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. Maydonga chiqqan har bir yosh sportchi nafaqat g‘alaba uchun, balki o‘z imkoniyatlari va salohiyatini namoyon etish uchun ham astoydil harakat qildi. Bu esa musobaqaga o‘ziga xos mazmun va ta’sirchanlik bag‘ishladi.

Golbol dunyoda ko‘zi ojiz va ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlar uchun yaratilgan eng ommaviy jamoaviy sport turlaridan biri hisoblanadi. U 1946-yilda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini reabilitatsiya qilish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Paralimpiya o‘yinlari dasturidan mustahkam o‘rin olgan. Mazkur sport turi ishtirokchilardan nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki yuqori darajadagi diqqat, tezkor qaror qabul qilish va jamoaviy hamjihatlikni talab etadi.

Bir necha kun davom etgan qizg‘in bahslar yakunida mezbonlar ishonchi to‘liq oqlandi. Chempionatda Jizzax viloyati jamoasi barqaror o‘yin, puxta tayyorgarlik va yuqori mahorat namoyish etib, mamlakat chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rin Jizzax viloyati jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati sportchilari kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari esa bronza sovrindorlari sifatida shohsupaga ko‘tarildi.

Mutasaddilar ta’kidlaganidek, bunday musobaqalar imkoniyati cheklangan yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish va jamiyatda faol hayot kechirishlari uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda. Eng muhimi, chempionat ishtirokchilari namoyon etgan iroda va matonat har qanday muvaffaqiyatning asosida ishonch va mehnat yotishini yana bir bor isbotladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri