Matbuot kioskasini noqonuniy olib tashlagan hokim o‘rinbosari javobgarlikka tortildi
Gazeta-jurnallar sotiladigan nuqtalar — matbuot kioskalari jamiyatda muhim ijtimoiy va axborot vazifalarini bajaradi. Aholiga gazeta, jurnal va boshqa bosma nashrlarni tez va qulay tarzda yetkazib berishda, odamlarning kundalik yangiliklardan xabardor bo‘lishida muhim o‘rin tutadi. Odatda bunday kioskalar ko‘chalarda, bekatlarda, bozorlarda joylashgan bo‘lib, odamlar uchun oson yetib borish imkonini beradi.
Shu yilning 21-fevral kuni Mirzo Ulug‘bek tuman hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari “Buyuk ipak yo‘li” metro bekati chiqish joyidagi matbuot kioskasini hech qanday hujjatlarsiz olib tashlagan.
“Matbuot tarqatuvchi” AJ Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligining ushbu xatti-harakatidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Holat Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi va matbuot kioskasi olib tashlangani tasdiqlandi.
Qonunchilikka ko‘ra, davlat organi mansabdor shaxsi tomonidan xususiy mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklash yoki mulkni olib qo‘yish BHMning 40 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shundan kelib chiqib, mazkur holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosariga nisbatan MJtKning 241-1-moddasi (Xususiy mulk huquqini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarimaga tortildi.
Matbuot kioskalari jamiyatda axborot tarqatish, madaniy rivojlanish va iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi. Shunday ekan, ularning faoliyatini cheklash emas, balki qo‘llab-quvvatlash alohida ahamiyat kasb etadi.
M.Komilova,
O‘zA