Mas’ullar "Sirdaryo IES" qurilishi maydonida
Joriy yilning 8 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Energetika vaziri Alisher Sultonov va boshqa mas’ul mutaxassislardan iborat delegatsiya Sirdaryo viloyatida barpo etilayotgan yangi IES qurilish maydonidagi jarayon bilan tanishdi.
Loyiha Saudiya Arabistonining "ACWA Power" kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Yangi IES qurilishi 2021 yil 24 yanvarda boshlangan edi.
Quvvati 1500 MVt. bo‘lgan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasini qurishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha loyihani amalga oshirish O‘zbekiston energetika sohasida yangi format – davlat-xususiy sheriklik (DXSH) ni joriy etish natijasi bo‘ldi.
Shu bilan birga, "ACWA Power" kompaniyasi eng zamonaviy dizayn yechimlari va energiyani tejaydigan texnologiyalardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu esa ushbu loyihaning samaradorligini 60 foizga yetkazish imkonini beradi. Mazkur issiqlik elektr stansiyasida elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun tabiiy gazdan foydalanadigan hozirgi issiqlik elektr stansiyalaridan deyarli ikki baravar ko‘proq tejash imkonini beradi.
Umumiy taxminiy qiymati 1,2 milliard dollarni tashkil etadigan mazkur IESning qurilishi Energetika vazirligi, O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Saudiya Arabistonining "ACWA Power" kompaniyasi o‘rtasida 2020 yil mart oyida imzolagan hamkorlik shartnomasi asosida boshlandi.
Energetika vazirligi Matbuot xizmati.
O‘zA.