Mas’ullar aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Bugun Toshkent viloyati Bekobod shahrida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyati tomonidan aholi hamda tadbirkorlar bilan navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Unda tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova so‘zga chiqib, hududlardagi muammolarni joyida o‘rganish, fuqarolar murojaatlariga tezkor va samarali yechim topish muhim vazifalardan biri ekanini qayd etdi.
Sayyor qabul jarayonida aholi va tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaatlar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi, amaliy yordam ko‘rsatildi. Ayrim muammolar joyida hal etildi. Xususan, ishga joylashtirish, aholini sog‘lomlashtirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ijobiy qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, yashash sharoitlarini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir bir qator murojaatlar yuzasidan mas’ul tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi. Ushbu murojaatlarning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
Ta’kidlash joizki, bunday sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash, ularni qiynayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA