Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi joriy etiladi
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonun 2026-yil 21-aprelda qabul qilindi.
Qonun bilan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi joriy etiladi. Sohadagi huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etilib, jamiyat ishtirokchilarining huquqiy kafolatlari yanada kuchaytirildi.
Qonun bilan jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari hamda kengash a’zolarini saylash tartibi belgilandi. Bu orqali kelgusida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizoli holatlarning oldi olinadi.
Jamiyat kuzatuv kengashining qarorlarini sirtdan ovoz berish yo‘li (so‘rov yo‘li) bilan qabul qilish tartibi aniq belgilandi.
Qonundagi yana bir muhim yangilik – bu xalqaro korporativ boshqaruv amaliyotida mavjud bo‘lgan jamiyatning kuzatuv kengashi a’zolarining, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi va kollegial ijro etuvchi organlarining fidutsiar majburiyatlari belgilanganidir.
Qonun bilan jamiyat nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar va xabardor qilish tartibida faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkinligi belgilandi. Bu esa, ular tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turlari sonini oshiradi.
Amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘lmagan jamiyatlarning filiali va vakolatxonalari, sho‘’ba va qaram xo‘jaliklarini ochish tartiblari alohida modda sifatida belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
N.Abduraimova,
O‘zA