Mast haydovchilarning transporti vaqtincha olib qo‘yiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Unga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish natijasida fuqaroning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilgan, odam o‘limi yoxud boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqqan hollarda transport vositasini topshirgan shaxsga jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish, avtomototransport vositalari poygasini noqonuniy tashkil etish va unda ishtirok etish, yuk transport vositalarini tungi vaqtda yo‘l harakati ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan holatda yo‘l chetida qoldirish, transport vositasini hisobdan chiqarish tartibini buzish, belgilangan tezlikni 80 kilometr/soatdan ortiq miqdorda oshirish uchun alohida va kuchaytirilgan javobgarlik belgilanmoqda.
Mast holda transport vositasini boshqarish yoki tegishli tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash holatlari uchun transportni vaqtincha olib qo‘yish chorasi qo‘llaniladi. Shuningdek, ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar takroran sodir etilganda, jarimani chegirma bilan to‘lash tartibi muayyan muddat davomida qo‘llanilmaydi.
Qayd etilganidek, ushbu normalar yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, qo‘pol qoidabuzarliklar uchun javobgarlikning ta’sirchanligi va muqarrarligini ta’minlash, haydovchilarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA