Markaziy shifoxona aholi xizmatida
Prezidentimizning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida nafaqat ishlab chiqarish va sanoat tarmog‘ini rivojlantirish, balki ijtimoiy sohalardagi islohotlarni jadal davom ettirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, yangi korxonalarga start berish jarayonida Buxoro tumanida Markaziy shifoxona ham faoliyat boshladi.
Davlat rahbarining Buxoroga tashrifi viloyat markaziga tutash tumanda istiqomat qiluvchi 170 ming nafarga yaqin aholining ko‘p yillik orzularini ro‘yobga chiqardi. Yirik sanoat va ishlab chiqarish loyihalari qatori Buxoro tumanida 225 o‘ringa mo‘ljallangan zamon talabiga to‘la mos keluvchi Markaziy shifoxona ham foydalanishga topshirildi. 36 milliard so‘mga teng davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qurilgan maskanda reanimatsiya, xirurgiya, travmatologiya, kardiologiya va endokrinologiya yo‘nalishlarida yuqori texnologik amaliyotlarni bajarish imkoniyati yaratildi.
–Yangi binoda, yangi davr, yangi bir kayfiyat bilan ish faoliyatimizni boshladik, – deydi shifoxona bo‘lim boshlig‘i Feruz Norov. – Ilgarigi bo‘limda yetarli sharoit bo‘lmagan edi. Hozirgi vaqtda bemorlar uchun zamonaviy, qulay sharoitlar yaratilgan. Bu bemorlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shoshilinch va kerakli, eng zamonaviy tibbiy jihozlangan jihozlardan foydalangan holda bemorlarga to‘g‘ri tashxis quyish, davolash imkoniyati yaratildi.
Sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda birinchidan malakali mutaxassislar sinfini shakllantirish talab qilinsa, ikkinchidan moddiy texnik bazaning mustahkam bo‘lishi muhim omil sanaladi. Davlatimiz rahbarining sohaga qaratgan e’tibori natijasida bu ikki masalaga ham yechim topildi.
– Respublikamizdagi klinikalarga hamda xorijga o‘qishga borganimizda o‘sha yerdagi tibbiyotda yaratilgan imkoniyatlarga havasimiz kelardi, – deydi jarroh Muslima Nuriddinova. – Bizlar niyat qilardik. Mana bugun davlat rahbarining tashabbusi bilan eng so‘nggi asbob-uskunalar bilan jihozlangan mana shunday shifoxonada faoliyat olib boryapmiz. Buning uchun Prezidentimizga rahmat. Mana shu binoda bizlar viloyat va respublika miqyosida bajariladigan yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Faoliyatning dastlabki kunidayoq markaz bemorlar uzog‘ini yaqin qildi. Zamon andozalari asosida jihozlangan shifoxona Buxoro tumani ahliga tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga kirishdi.
– Davlat rahbariga rahmat mana shunday imkoniyatlarni bizga tuhfa etdi, – deydi mehnat faxriysi Shodi Rajabov. – Chiroyli zamonaviy imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Bizni juda ham quvontiryapti.
Avvallari shahardagi respublikadagi katta shifoxonalarga ovora bo‘lib yurardik. Hozir mana o‘zimizda ulardan qolishmaydigan yangi texnologiyali shifoxona bunyod etilib foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz mazkur tibbiyot maskani faoliyati xususida to‘xtalib, yaqin bir oy ichida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda namuna bo‘lishi kerakligini ham ta’kidlagan edi. Bu yo‘nalishda ham shifoxonada ilk o‘quv seminari boshlab yuborildi.
– Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda aynan tumandagi 36 mahalla fuqarolar yig‘ini faollarini yig‘dik, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Sevara Faxruddinova. – Ularga sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik va qanday qilsa aholi sog‘lom bo‘ladi hamda kasallikni oldini olish borasida seminar treninglar olib boryapmiz.
[gallery-13125]
Maskan ochilishi, ish boshlashi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yana qo‘shimcha tibbiyot uskunalari shifoxonaga sovg‘a qilindi. Umuman olganda, mazkur muassasa tibbiyotdagi islohotlarning inson qadri uchun amalga oshirilayotganining yana bir isboti bo‘ldi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA