Markaziy Osiyoning birdamlik va hamjihatlik ramzi
Joriy yilning 8-13 sentyabr kunlari Ostona shahrida V Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari o‘tkazildi.
"Ostona arena"da bo‘lib o‘tgan tadbirda qator davlatlar rahbarlari va boshqa xorijiy mehmonlar qatnashdi.
Germaniyaning Hessen federal o‘lkasi davlat kanselyariyasining Yevropa masalalari va xalqaro hamkorlik departamenti sobiq rahbari Mixael Borxmann O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning V Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimidagi ishtiroki haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
- O‘zbekiston rahbarining Ostona shahrida tashkil etilgan V Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimidagi ishtiroki yana bir bor Markaziy Osiyo mamlakatlari birdamligini namoyon etdi.
2021 yilda YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ko‘chmanchilar o‘yinlari mintaqa xalqlarining bir necha asrlik, insoniyat tarixida iz qoldirgan qadimgi an’analari, milliy o‘yinlari hamon yashab kelayotganini butun dunyoga tanitish uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Kamondan o‘q otish, kurash va ko‘pkari kabi qadimiy va ajoyib ko‘chmanchi sport turlari qatoriga asrlar osha yangilari qo‘shildi. Dunyoning 90 dan ortiq mamlakatidan 2 mingga yaqin sportchilar ishtiroki ushbu sport bayramining ko‘lamini yanada kengaytirdi. Ushbu o‘yinlar birinchi navbatda Markaziy Osiyo boy madaniyatining dunyo hamjamiyatidagi yorqin ifodasi bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston Prezidentining ushbu o‘ziga xos nufuzli sport tadbirining ochilish marosimidagi ishtiroki O‘zbekiston liderining Markaziy Osiyo birdamligi va hamjihatligida muhim o‘rin tutuvchi inson ekanligini alohida e’tirof etishni xohlardim.
N.Ziyodullayeva, O‘zA