“Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” parlamentlararo forumining qo‘shma bayonoti qabul qilindi
Mintaqamiz va Yevropa o‘rtasidagi parlament diplomatiyasini tizimli tarzda rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun samarali muloqot maydoniga aylangan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumi yakuniga yetdi.
Forumda O‘zbekiston Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mazkur format parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, ishonchni oshirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladigan muhim platforma ekanini ta’kidladi.

Bir yil oldin Samarqandda o‘tgan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” sammiti mintaqalararo hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi. Forum aynan o‘sha sammitda ilgari surilgan tashabbuslardan biri bo‘lib, bugungi munosabatlar yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarildi.
Yevropa parlamenti raisi o‘rinbosari Kristel Shaldemoze Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan hamkorligi keng qamrovli bo‘lib, ko‘p tomonlama hamkorlik, erkin savdo va demokratiya tamoyillariga asoslangan barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilganini qayd etdi.

Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha Yevropa parlamenti delegatsiyasi rahbari, Yevropa parlamenti deputati Juzi Princhi parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, barqaror rivojlanish va qonun ustuvorligini ta’minlashda hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekaniga e’tibor qaratdi.
Qozog‘iston Parlamenti Majlisi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Aygul Kuspan, Tojikiston Majlisi Namoyondagon Majlisi Oli raisining o‘rinbosari Mavsuma Muini, Turkmaniston Mejlisi Xalqaro va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Maksat Kuliyev, Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshining Fan, ta’lim, innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari, madaniyat, sport va yoshlar ishlari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Saltanat Amanova mintaqalararo sheriklikni yanada chuqurlashtirish zarurligiga urg‘u berdi.

Siyosiy muloqotni rivojlantirish, parlament diplomatiyasining rolini kuchaytirish va hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Forum doirasidagi sessiyalarda “Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi siyosiy muloqotning bugungi holati va uning istiqbollari” ko‘rib chiqildi. Iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, barqaror o‘sish va “yashil” transformatsiya masalalari muhokama qilindi. Qonun ustuvorligi, raqamli transformatsiya va inklyuziv boshqaruv masalalariga e’tibor qaratildi.
Forum yakunida tadbir doirasida ilgari surilgan tashabbus va kelishuvlar aks etgan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumining qo‘shma bayonoti qabul qilindi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA