Markaziy Osiyo davlatlarining ishonchli hamkorlik muhitida O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari alohida ahamiyatga ega
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi. Yig‘ilishda dastlab yurtimiz hayotida sodir bo‘lgan muhim voqeliklarga to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning mamlakatimizga amaliy tashrifi va uning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Fraksiya rahbari Alisher Qodirov bugungi tezkor o‘zgarishlar davrida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ishonchli, barqaror hamkorlik muhiti qaror topganini alohida e’tirof etdi. Bu jarayonda O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari alohida ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Qozog‘iston Prezidentining yurtimizga tashrifi o‘zbek va qozoq xalqlarining o‘zaro hamjihatligi va hamkorligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Bu borada "Milliy tiklanish" partiyasi doimo qardosh xalqlar, jumladan, O‘zbekiston – Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanini va ushbu yo‘nalishdagi barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi.

Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonuniga pensiyaga oid xizmatlarni ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, fuqarolarga nogironlik belgilanganda ulardan murojaatni talab etmagan holda (proaktiv shaklda) pensiya tayinlash nazarda tutilmoqda. Ya’ni, fuqaroga nogironlik guruhi belgilanganda bu haqda tegishli vazirlik va tashkilotlarning axborot tizimlaridan ma’lumotlarni avtomatik ravishda olgan holda nogironlik pensiyasi tayinlanadi. Bu bilan bir yilda 52 ming fuqaroning davlat xizmatlariga yoki pensiya jamg‘armasiga borishining oldi olinadi.
Shuningdek, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lgan pensionerning pensiyasini har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblash ham fuqaroning murojaatini talab etmasdan (proaktiv shaklda) amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda. Bu yengillik jismoniy imkoniyati cheklangan pensionerlarga masofadan turib xizmat ko‘rsatish qulayligini yaratadi.
Mazkur qonun loyihasi pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etgan holda aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, sohada inson omilini kamaytirish, nogironligi bor fuqarolarga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasini birinchi va ikkinchi o‘qishda ham qo‘llab-quvvatladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA