Markaziy bank onlayn kreditlarni rasmiylashtirishni chekladi
O‘zbekistonda onlayn kredit ajratish tartibi kuchaytirilmoqda. Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining yangi qaroriga muvofiq, 2026-yil 22-apreldan boshlab onlayn kreditlarni rasmiylashtirish bo‘yicha qator cheklovlar va qo‘shimcha xavfsizlik talablari joriy etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, endilikda fuqarolar bir sutka davomida faqat bitta kredit tashkilotida bitta onlayn kredit (mikroqarz) rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Mazkur choralar axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan firibgarlik holatlarini kamaytirish va fuqarolarni moliyaviy xavflardan himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Qarorga muvofiq, onlayn kredit olish uchun ariza kelib tushgandan so‘ng kredit tashkiloti avvalo, “Kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri” orqali foydalanuvchi ma’lumotlarini tekshiradi. Agar fuqaro ushbu reyestrda mavjud bo‘lsa, kredit ajratish jarayoni darhol to‘xtatiladi va rad etish sababi ko‘rsatilgan holda SMS-xabarnoma yuboriladi.
Agar fuqaro reyestrda mavjud bo‘lmasa, onlayn kredit rasmiylashtirish jarayoni davom ettiriladi. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit tashkilotlariga yuborilgan arizalar bo‘yicha kredit byurosi faqat birinchi kelib tushgan arizani ko‘rib chiqadi. Agar birinchi tashkilot kredit berishni rad etsa, navbatdagi ariza ko‘rib chiqiladi.
Agar kredit ma’qullansa, shu JSHSHIR bo‘yicha boshqa arizalar avtomatik ravishda rad etiladi. Shuningdek, 24 soat davomida yangi kredit arizalari qabul qilinmaydi.
Yangi talablarga muvofiq, onlayn kredit ajratishdan oldin foydalanuvchi masofaviy biometrik identifikatsiyadan o‘tkaziladi. Bu orqali shaxsni aniqlash va firibgarlik holatlarining oldini olish maqsad qilingan.
Qarorga ko‘ra, agar fuqaro nomiga firibgarlar tomonidan onlayn kredit rasmiylashtirilgani tasdiqlansa, kredit bo‘yicha foizlar hisoblanmaydi. Penya va jarimalar bekor qilinadi. To‘lovlarni undirish to‘xtatiladi.
Buning uchun jabrlanuvchi ichki ishlar organlariga murojaat qilishi lozim. Tergov jarayonida kredit firibgarlik orqali rasmiylashtirilgani tasdiqlansa, kredit tashkilotiga tegishli qaror yuboriladi va to‘lovlar to‘xtatiladi.
Agar kredit bo‘yicha mablag‘lar avval undirilgan bo‘lsa, sud qarori asosida ular jabrlanuvchiga qaytariladi. To‘lovlar sud qarori qonuniy kuchga kirgandan so‘ng 15 kun ichida amalga oshiriladi.
Qarorga asosan kredit va to‘lov tashkilotlari “Firibgarlik haqida xabar berish” bo‘limini joriy etadi. Shubhali operatsiyalar haqida SMS va PUSH xabarnomalar yuboradi. Yangi qurilmadan kirish holatlarida operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatadi. Qo‘shimcha tasdiqlash mexanizmlarini joriy qiladi.
Shuningdek, barcha kredit tashkilotlari zamonaviy antifrod tizimlarini joriy etishi majburiy qilib belgilandi.
Mazkur o‘zgarishlar onlayn kreditlar orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlarini kamaytirish, fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash hamda bank tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA