Markazda yapon tili bo‘yicha test sinovlar o‘tkazilmoqda
Andijon mashinasozlik instituti qoshida faoliyat olib borayotgan yapon tilida test imtihonlarini qabul qiluvchi NAT-TEST markazi faoliyati xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda.
– Markazimizda Yaponiyaga ishga, o‘qishga boruvchilar yapon tilini qay darajada egallaganliklari bo‘yicha test imtihonlari topshiradi, – deydi markaz koordinatori Akmaljon Ermatov. – Test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlarga belgilangan mezonlardan kelib chiqib, turli darajadagi sertifikatlar taqdim etiladi.
[gallery-13082]
Ilg‘or va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda zarur barcha jihozlar bilan ta’minlagan markazda yapon tilini o‘zlashtirish bo‘yicha test imtihonlarini qabul qilish jarayonlari bilan bog‘liq ishlar yuqori saviyada, xalqaro standartlar talablari darajasida olib borilmoqda. Shu bois ham o‘tgan davr ichida markaz namunali faoliyati bilan nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda e’tiborga tushdi.
Hozirga qadar markazda yapon tilida imtihon topshirgan 1 ming 700 nafarga yaqin kishiga tegishli sertifikatlar taqdim etilgan. Sertifikat olganlarning ko‘pchiligi Yaponiya davlatiga o‘qish, ishlash uchun jo‘nab ketgan.
Markazda nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston fuqarolari ham test imtihonlarini topshirishlari mumkin. Hozirga qadar markazda o‘nlab Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolari ham test sinovlariga qatnashgan.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto),
O‘zA