Ma’rifat maskanlari bo‘ylab sayohat (+video)
Farg‘ona viloyatidan bir guruh jurnalistlarning Toshkent shahriga safari unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Safar davomida ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatimizning yangi qiyofasini aks ettiruvchi yirik ma’naviy-ma’rifiy va tarixiy maskanlar bilan yaqindan tanishdilar.
Dastlab jurnalistlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mazkur markaz xalqimizning ko‘p asrlik ma’naviy merosi, buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosini zamonaviy usullarda namoyish etuvchi yirik ilmiy-ma’rifiy majmua hisoblanadi. Markaz ekspozitsiyalarida Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlangan bo‘limlar joy olgan. Markaz milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, yosh avlodni ma’rifat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.



– Insonlarga islom nurini tarqatuvchi va bu haqida boy bilimlarni beruvchi, ayniqsa, O‘zbekiston, o‘zbek millati tarixini ulkan ilmiy-amaliy manbalar asosida namoyon etgan ma’rif markaz – “Islom sivilizatsiyasi”markazi bir umrlik taassurot qoldirdi, – deydi “Beshariq tongi” gazetasi bosh muharriri Sobirjon Temirov. – Shunday ulkan majmuani bunyod etishda tashabbuskor bo‘lgan Prezidentimizga minnatdorchilik bildiramiz.


– Islohotlarni yoritadigan zabardast jurnalistlar bor edi safimizda. Ammo bizga, har birimizga alohida e’tibor qaratildi. Zarur barcha axborot va ma’lumotlar bilan ta’minlandik, – deydi “Bag‘dod hayoti” gazetasi bosh muharriri Olimjon Hotamov. – Bunday imkoniyat uchun, avvalo, Kasaba uyushmalari va Jurnalistlar uyushmasiga minnatdorchilik bildiraman.


Jurnalistlar uchun, ayniqsa, Yangi O‘zbekiston bog‘iga tashrif katta taassurot qoldirdi. Keng va zamonaviy infratuzilmaga ega mazkur bog‘ mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining yorqin namunasidir. Bog‘ hududidagi muhtasham inshootlar, yashil maydonlar va dam olish maskanlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Inson qadri uchun amalga oshirilayotgan ko‘plab loyihalarni ko‘rib quvondik, – deydi “Dang‘ara” gazetasi bosh muharriri O‘ktamxon Akbarova.
– Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan bir nechta chet mamlakatlarda bo‘lganmiz. Masalan, Koreyada yo‘qdan bor qilingandek turizm qishlog‘ini barpo qilishgan. Biz o‘shanda gazetamizda qachon yurtimizda shunday muzeylar bo‘ladi, deb yozgandik, – deydi “Markaziy Farg‘ona” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Azimjon Xudoyqulov. – Chunki bizning boy tariximiz, birinchi, ikkinchi uyg‘onish davrlari har qanday e’tirofga munosib. “Islom sivilizatsiyasi” markazida biz shularni ko‘rdik. U bejiz Ginneslar kitobiga kiritilmagan ekan.
O‘zbekiston tarixida Ikkinchi jahon urushi xalqning jasorat va mardligini namoyon etgan davr sifatida muhrlangan. Jurnalistlar bu yerda tashkil etilgan yodgorliklar va muzey bilan tanishdilar.

O‘zbekiston dunyoga tarannum etilgani kabi, dunyo ham O‘zbekistonda o‘zini namoyish etmoqda. Ijodiy guruh shahar markazidagi mega siti ko‘chalari bo‘ylab sayr qildilar.
Safar davomida jurnalistlar mamlakatimizda madaniy merosni asrab-avaylash, ziyorat turizmini rivojlantirish va aholi uchun zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Bu kabi amaliy safarlar ommaviy axborot vositalari xodimlarining bilim va tajribasini boyitish, yurtimiz taraqqiyotini keng jamoatchilikka xolis va ta’sirchan tarzda yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farg‘onalik jurnalistlarning Toshkentga safari Kasaba uyushmalari Farg‘ona viloyat kengashi hamkorligida bo‘lib o‘tdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cC1mO4phN-4" title="Ma’rifat maskanlari bo‘ylab sayohat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video, surat), O‘zA