“Ma’rifat karvoni”ning navbatdagi manzili Samarqand bo‘ldi
Yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusidagi “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari Samarqandda ham yuqori saviyada tashkil etildi.
Dastlab Samarqand shahridagi Yoshlar markazida “Yangi O‘zbekistonda ma’naviy, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari” mavzusida ziyolilar forumi o‘tkazildi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Jo‘rayev mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, ulug‘ ajdodlarimiz merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish, yoshlarni yuksak insoniy, axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar haqida so‘z yuritdi.
[gallery-20814]
– Mazkur tadbir olim, ziyoli, san’at va madaniyat namoyondalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ullar, mahalla faollari hamda ilg‘or yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, mamlakatning milliy mafkura yo‘nalishidagi islohotlari, jamiyatni, ayniqsa, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilmoqda, – dedi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov. – Shuningdek, davlatimiz rahbarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senatining 18-20 noyabr kunlari o‘tkazilgan majlislaridagi nutqlari mazmun-mohiyati, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlarini ziyolilar orqali xalqimizga yetkazish va tushuntirishni ko‘zlaganmiz.
Loyiha doirasida viloyatning tuman va shaharlarida “Yangi O‘zbekiston – islohotlar falsafasi” nomli anjuman, faol yigit-qizlar ishtirokida “Zamonaviy yoshlar – taraqqiyot drayveri” mavzusida ilm-fan va innovatsiyalarga bag‘ishlangan mahorat darslari, shuningdek, “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomi taqdimoti o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari